[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

08.11.2025. “O‘zbekiston kasaba uyushmalari 120 yil xalq bilan” degan g‘oya asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi tomonidan kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi hamda 11 noyabr’ – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboev, O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi o‘rinbosari Nodir Dehqonov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi Suhrob Rafikov, viloyatdagi kasaba uyushma faollari, mehnat faxriylari hamda turli sohalar vakillari ishtirok etdi.

So‘zga chiqqan Adiz Boboev kasaba uyushmalari a’zolari va faxriylarni bayram bilan tabriklab, inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish ijtimoiy davlatning eng muhim tamoyillaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Ayni paytda viloyatda 4 212 ta kasaba uyushma tashkiloti faoliyat yuritib, 800 mingga yaqin xodim va talabalarni o‘zi atrofiga birlashtirgan. Kasaba uyushmalari ularning mehnat, ijtimoiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilishda, munosib mehnat sharoitlarini yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.

Tadbirda soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan mehnat fidoyilariga “O‘zbekiston kasaba uyushmalariga 120 yil” esdalik nishonlari, shuningdek viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi jurnalist” ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, bayram tadbiri chog‘ida 2 nafar talabaga kasaba uyushmalari tomonidan sanatoriy yo‘llanmasi va stipendiya sertifikati taqdim etildi.

Samarqand viloyatining tuman va shaharlarida bayram tadbirlari davom etmoqda.