10.11.2025. Poytaxtimizdagi “Chinobod plaza” sanatoriysidagi Majlislar zalida 11 noyabr’ – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan ko‘p yillardan beri mamlakat kasaba uyushmalari tizimida mehnat qilib, bugungi kunda ham yosh avlod kamolotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan kasaba uyushma faxriylari bilan uchrashuv hamda kasaba uyushmalari tizimida o‘tkazilgan turli ijtimoiy loyihalar va tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, uning hududiy kengashlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, tasarrufdagi tashkilotlar mutasaddilari, Respublikamiz hududlaridan tashrif buyurgan kasaba uyushma faxriylari, Federatsiya tomonidan o‘tkazilgan qator tanlovlar g‘oliblari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi ishtirokchilarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan mamlakatimizda keng nishonlab kelinayotgan 11 noyabr’ – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan qutlab, Prezidentimiz tashabbuslari bilan mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bora 11 noyabrni “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilash taklifi ilgari surilgach, “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani va bu kasaba uyushmalari hayotida unutilmas voqea sifatida tarixga muhrlanganini alohida ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tomonidan uzoqni ko‘zlagan holda olib borilayotgan odilona siyosat va tub islohotlar natijasida yurtimizda yil sayin har sohada muntazam o‘sish ko‘rsatkichlari yuksalib borayotganini, shuningdek, tarixan qisqa vaqt ichida Yangi O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarni xalqaro hamjamiyat vakillari va ekspertlar ham tan olayotganini faxr bilan qayd etdi.
Joriy yil 17 oktyabr’ kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi tom ma’noda katta tarixiy voqea bo‘ldi. Mazkur uchrashuvda Davlatimiz rahbari “Hech shubhasiz, biz erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor. Fursatdan foydalanib, har bir korxona va tashkilotga – ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga – rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan minnatdorlik bildiraman”, deya alohida ta’kidladilar. Muhtaram Prezidentimiz bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuvda O‘zbekiston kasaba uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya qilishdagi jonbozligini alohida e’tirof etish bilan birga bir qator salmoqli taklif va vazifalarni ham ilgari surdilar.
Davlatimiz rahbari qayd etganlaridek, mamlakatimizda kasaba uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan samarali foydalangan holda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yurtimizdagi eng yirik jamoat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqdalar. Xususan, bugun Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari ijtimoiy sheriklik va ijtimoiy muloqot tamoyillari asosida mehnat ahlining ijtimoiy-iqtisodiy manafaatlari va mehnat huquqlarini himoyalash bilan birga, aholi turmush farovonligini oshirish, bandlikni ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish yo‘nalishlarida ham tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Sirasini aytganda yurtimizdagi yangilanish va o‘zgarishlarda Yangi O‘zbekistonning Yangi kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etib, islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan holda turli soha xodimlari manfaatlarini himoyalab kelmoqda.
Bunga oxirgi 8 yil davomida davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasida tripartizm shaklidagi ijtimoiy sheriklikning yuqori bosqichga ko‘tarilgani ham yorqin dalildir. Buning natijasida “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi yangi Qonun qabul qilindi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi, Federatsiya tizimida Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasi tashkil etildi. Shuningdek, Malaka oshirish instituti, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixi muzeyi, Bolalarni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi, Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti tashkil qilindi. Tizimda mavjud 18 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi soni 107 taga yetkazildi. 2016 yilda kasaba uyushmalari tizimida 17 ta sanatoriy faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun ularning soni 33 taga yetdi. Jahon standartlariga to‘la javob beruvchi “Kasaba uyushmalari suv sporti saroyi” foydalanishga topshirildi. Yana bir muhim jihat, oxirgi yillarda kasaba uyushma a’zolari soni 8 million nafardan oshishiga erishildi.
Kasaba uyushma mutaxassislari va faollarining salohiyatini oshirish borasidagi ishlar natijasida Parlament palatalarida kasaba uyushmalari faollari soni ortib bormoqda. Bu xalqimizning kasaba uyushmalariga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganidan dalolatdir.
Ushbu erishilgan natijalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari tarixida yangi sahifani boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shuni ham qayd etish zarurki, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ishchi guruhi mamlakatimizdagi faxriylar, kasaba uyushmalari tarixi bilan shug‘ullangan olimlar, tarixchilar bilan ish olib borish barobarida, Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib, arxiv materiallari asosida mamlakatimizda kasaba uyushmalarining ilk qaldirg‘ochlari 1905 yilda paydo bo‘lganini isbotlovchi asosli dalillarni topdi. Ayni kunda yurtimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan kasaba uyushmalari harakatining yubiley sanasini tantanali nishonlash, mazkur sana munosabati bilan soha faollarini ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni ta’sis etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda kasaba uyushmalari faoliyati samaradorligini oshirish, ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, haq-huquqlarini himoya qilishning samarali tizimlarini joriy etish kabi yo‘nalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tantanali tadbirda anjumanga taklif etilgan, kasaba uyushmalari tarixida o‘ziga xos o‘rin tutgan va soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh fidoiy kasaba uyushma faxriylariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni, Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ushbu nishon bilan kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan, sohaning tarixini yaxshi bilgan va uni keng ommaga targ‘ib qilgan, mehnat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ishchi-xizmatchilar, mazkur yo‘nalishga katta hissa qo‘shgan, nufuzini oshirib, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda faol ishtirok etgan shaxslar, shu jumladan, ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, kasaba uyushmalarining tashkiliy masalalarida, ularning rivojlanishida va jamiyatdagi rolini mustahkamlashda o‘zlarining salmoqli hissalarini qo‘shgan arboblar, ish beruvchilar va boshqa shaxslar taqdirlanadi.
Ta’kidlash zarurki, so‘nggi yillarda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yakunlanayotgan yilning sarhisobi sifatida o‘zining munosib mehnatlari bilan Vatanimiz ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga, shuningdek, kasaba uyushmalari harakati rivojiga munosib hissa qo‘shgan eng faol, fidoyi va tashabbuskor insonlar mehnatini e’tirof etish an’anaga aylandi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan kasaba uyushmalari faxriylari bilan uchrashuv tadbiri doirasida Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solib, fidokorona mehnat qilayotgan insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni munosib rag‘batlantirish, ko‘p yillik ilg‘or ish tajribasiga ega bo‘lgan insonlarni e’zozlash maqsadida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan turli ijtimoiy loyihalar va ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari ham taqdirlandi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi va Kasaba uyushmalari kuni bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ko‘p yillik samarali mehnati, erishgan alohida yutuqlari bilan sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish, shuningdek, kasaba uyushmalarining nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz va xalqaro hamkorlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi laureati” mukofotining 2025 yilgi sovrindorlariga ushbu mukofot tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirish yo‘nalishidagi ishlarda faol ishtirok etayotgan, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga va kasaba uyushmalari faoliyati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining “Ehtirom” nishoni bilan taqdirlandi. Sovrindorlarga “Ehtirom” nishoni, pul mukofoti va guvohnomalar topshirildi.
Navbatdagi mukofotlar “Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish” yuzasidan o‘tkazilgan respublika ko‘rik-tanlovi hamda Elektr-energiyasi va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash bo‘yicha eng yaxshi kasaba uyushma tashkiloti tanlovi g‘oliblariga topshirildi.
Shundan so‘ng “Eng yaxshi o‘qituvchi”, “Eng yaxshi jurnalist” “Eng yaxshi sportchi”, “Eng yaxshi madaniyat xodimi”, “Eng yaxshi sanatoriy”, “Eng yaxshi shifokor”, “Eng yaxshi hamshira”, “Eng yaxshi o‘rta tibbiyot xodimi”, “Eng yaxshi oshpaz”, “Eng yaxshi servis xizmat ko‘rsatish xodimi”, “Eng yaxshi oromgoh”, “Eng yaxshi oromgoh direktori”, “Eng yaxshi katta tarbiyachi”, “Eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi yetakchi”, “Eng yaxshi to‘garak rahbari” nominasiyalari g‘oliblari taqdirlandi.
Quvonchli lahzalar “Eng yaxshi qurilish muxandisi”, “Eng yaxshi loyihachi”, “Eng yaxshi qurilish tashkiloti rahbari”, “Eng namunali qurilish xodimi”, “Eng yaxshi qurilish tashkiloti nazoratchisi”, “Eng yaxshi quruvchi”, “Yashil makon fidoiysi” nominasiyalari g‘oliblarini taqdirlash bilan davom etdi. Shuningdek, “Kasaba ishonchi” tanlovi g‘oliblari mukofotlandi.
Barcha ko‘rik-tanlovlar va nominasiyalar g‘oliblariga “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik nishoni, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi diplomi, Kasaba uyushmalari tarixi kitobi va sovg‘alar topshirildi.
Bayram tadbiri yakunida kasaba uyushma faxriylari va faollar, tanlov va nominasiyalar g‘oliblari ham o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский