[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

13.11.2025. 12 noyabr’ kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar. Diniy idorada bo‘lib o‘tgan tadbirda nishonni Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Ulug‘bek Muhamedov tantanali ravishda topshirdi.

Ulug‘bek Muhamedov o‘z ma’ruzasida Prezident tashabbuslari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlar jarayonida kasaba uyushmalarining o‘rni va mas’uliyati tobora ortib borayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, sakkiz milliondan ortiq a’zolarni birlashtirgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mamlakatda munosib mehnat va ijtimoiy himoyani ta’minlash yo‘lida izchil va samarali ishlar olib bormoqda.

Shu bilan birga, diniy soha xodimlarining jamoatchilik bilan ishlash, ma’naviyatni yuksaltirish va aholini birlashtirishdagi fidokorona mehnati ham davlat miqyosida munosib e’tirof etilmoqda. Muftiy hazratlari rahbarligida keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar bu yuksak nishon bilan taqdirlanishga zamin bo‘lgani alohida qayd etildi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham so‘zga chiqib, Muftiy hazratlarini esdalik nishon bilan muborakbod etdi. U, shuningdek, kasaba uyushmalari tomonidan diniy soha va uning xodimlariga bildirilayotgan e’tibor va ishonch bu yo‘nalishda yanada mas’uliyat, fidoyilik va tashabbuskorlik bilan xizmat qilishga chorlashini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan davlat dasturlari ijrosida alohida faollik ko‘rsatgan, shuningdek, yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda yuqori natijalarga erishgan fidoyi insonlarga taqdim etiladi.