14.11.2025. Joriy yilning 12 noyabr’ kuni O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magida, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va O‘zbekistondagi “BMT Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan yaqin hamkorlikda «O‘zbekistonda uglerod-neytral iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha genderga yo‘naltirilgan va adolatli yo‘l xaritasini ishlab chiqish» loyihasi doirasida texnik davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri maslahatchisi S. Qurbonov, O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi mas’ul xodimlari, Oila va xotin-qizlar ishlari qo‘mitasi, Energetika vazirligi tizim tashkilotlari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, “BMT Xotin-qizlar” tuzilmasi hamda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy energetika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning uglerod-neytral iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tishi va issiqxona gazlari chiqindisini nol darajaga yetkazishga qaratilgan genderga yo‘naltirilgan va adolatli yo‘l xaritasini ishlab chiqishga ko‘maklashishni maqsad qilgan loyihaning dastlabki tahlil natijalari hamda yo‘l xaritasini ishlab chiqish jarayoni taqdim etildi.
Ishtirokchilar hujjatga joriy etilishi mumkin bo‘lgan amaliy va samarali vositalar hamda mexanizmlarni muhokama qilib, ular orqali gender tengligi va inklyuziv iqlim harakatlarini ilgari surish masalalariga e’tibor qaratdilar.
Muhokamalarda tashabbuslarning amalga oshirilishini monitoring qilish va baholash usullari, shuningdek erishilgan natijalar barqarorligini ta’minlash choralari bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar energetika sohasida gender masalalarini integratsiya qilish tajribasi bilan o‘rtoqlashib, mavjud muammolar va muvaffaqiyatli amaliyotlarni muhokama qildilar hamda yo‘l xaritasini keyingi bosqichlarda samarali amalga oshirish uchun manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish yo‘llarini belgilab oldilar.
Davra suhbatida tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Sh. Kurbanov “yashil o‘tish” jarayonida munosib ish o‘rinlarini yaratish, inson salohiyatini rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy barqarorligini mustahkamlash imkoniyati sifatida ko‘rilishi lozimligini ta’kidladi. Uning ta’kidiga ko‘ra, “yashil” va uglerod-neytral iqtisodiyotga o‘tishga qaratilgan islohotlar faqat texnik yoki iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lish bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiy adolat, gender tenglik va xodimlar mehnat huquqlarini himoya qilish tamoyillariga tayanishni ham talab qiladi. Faqat shunday yondashuv orqali bunday islohotlar haqiqatan ham adolatli, inklyuziv bo‘lib, mehnatkashlar hayot sifatini oshirishga va mamlakatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский