[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

20.11.2025. “O‘zbekgeologiya qidiruv” AJda kasaba uyushma qo‘mita a’zolari va faollari bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida so‘nggi yillarda kasaba uyushmalari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi dunyoning 180 ga yaqin mamlakatidagi kasaba uyushma tashkilotlarini birlashtiruvchi, 200 milliondan ortiq a’zoga ega bo‘lgan Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining to‘laqonli a’zosi ekanligi, Federatsiyaning xalqaro hamkorlikdagi faol ishtiroki va nufuzining yil sayin ortib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Oxirgi to‘qqiz yilda ishchi-xodimlarni sog‘lomlashtirish va ularning salomatligini tiklash yo‘nalishida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xususan, 14 ta yangi sanatoriy barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, 10 ta sanatoriy to‘liq rekonstruksiya qilingani ma’lum qilindi. Ushbu ishlar ishchi-xodimlarni sog‘lomlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, sanatoriylar infratuzilmasini zamonaviy standartlar asosida yangilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, 2022 yilda Federatsiya tizimida Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tuzilgani aytildi. Faoliyati to‘xtagan yoki samarasiz ishlayotgan 82 ta bolalar oromgohi Federatsiya balansiga o‘tkazildi, natijada tasarrufdagi oromgohlar soni 110 tadan oshdi.

2020–2025 yillar davomida 9 ta yangi bolalar oromgohi qurilib, foydalanishga topshirilgani, shuningdek, 76 ta oromgoh kapital ta’mirdan o‘tkazilgani qayd etildi.

Ushbu natijalar yosh avlodning sog‘lom va har tomonlama barkamol o‘sishi, ularning mazmunli dam olishiga qaratilgan ishlar samaradorligini yaqqol namoyon etmoqda.

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, kasaba uyushmalari bugungi kunda yirik jamoat va ijtimoiy institut sifatida o‘z vazifalarini sidqidil bilan amalga oshirib kelmoqda.

Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.