[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

26.11.2025. «O‘zbekneftgaz» AJ tashabbusi bilan 25–27 noyabr’ kunlari Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridagi bir qator ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat jarayonlari xavfsizligi va mehnat muhofazasi masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilmoqda. Tadbirda xorijiy neft-gaz kompaniyalari — Socar, Tatneft, QazMunayGaz hamda Zarubejneftegaz vakillari ishtirok etmoqda.

Mamlakatimiz neft-gaz sohasi tarixida ilk bor tashkil etilayotgan mazkur forum Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya va Totoristondagi yetakchi korxonalar mutaxassislari, shuningdek, sohani tartibga soluvchi davlat idoralari vakillarini birlashtirdi.

Forum avval imzolangan hamkorlik memorandumlari doirasida o‘tkazilib, ishtirokchilarga sanoat xavfsizligini ta’minlashning zamonaviy yondashuvlarini muhokama qilish, amaliy tajriba almashish va innovasion texnologik yechimlarni o‘rganish imkoniyatini yaratmoqda.

Ta’kidlash joizki, forum faqat nazariy masalalar bilan cheklanib qolmaydi. Uning asosiy maqsadi — korxonalar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, xavfsiz mehnat madaniyatini rivojlantirish hamda ishlab chiqarishdagi avariya va favqulodda holatlar sonini kamaytirishga xizmat qiladigan samarali platforma yaratishdir.

Dastur doirasida ishtirokchilar Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida bo‘lib, u yerda tashkil etilgan amaliy o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashdilar. Shuningdek, ochiq neft-gaz fontanlarining oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha faoliyat yurituvchi Harbiylashtirilgan qismning amaliy ishlari namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur forumda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Ular mehnat muhofazasini kuchaytirish, profilaktik chora-tadbirlarni rivojlantirish va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashga qaratilgan ilg‘or tajribani amaliyotga joriy etish masalalarini ilgari surmoqda.

Forum barcha tomonlar uchun muloqot, hamkorlik va tajriba almashinuvi maydoni sifatida ahamiyatli o‘tmoqda.