[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

01.12.2025. Mamlakatimizdagi yirik korxonalardan biri – Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi uyushqoqlik bilan boshlab yuborildi.

Stansiya atrofidagi qarovsiz yer maydoni obodonlashtirilib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi.

Mutaxassislar tomonidan 1,6 gektar hududning tuproq unumdorligi o‘rganilib, iqlim sharoitiga mos daraxt turlarini ekish belgilandi. Hozirda ushbu maydonga 6 ming 500 tup tut va achchiq gilos ko‘chatlari ekildi. Eng muhimi, ushbu tadbirda 500 nafardan ziyod energetika sohasi xodimlari faol ishtirok etishdi.

Bundan tashqari, energetika xodimlari hududni yashil belboqqa aylantirish maqsadida ko‘chat ekish ishlarini davom ettirishmoqda. Shuningdek, ekilgan daraxtlarni doimiy parvarishlash va sug‘orish ishlarini samarali tashkil etish uchun korxona sexlaridan mas’ullar biriktirildi.

– Asosiy maqsadimiz – toza ekologik muhitni yaratish, stansiyaning ichki va tashqi hududlarini yashillikka burkash va atrof-muhitni obod qilishdir. Bu ishlar orqali nafaqat stansiya hududi go‘zallashadi, balki aholi uchun ham toza havo va sog‘lom muhit yuzaga keladi, – deydi Sirdaryo IES direktori o‘rinbosari Qutfiddin Aliyarov.

Ko‘chat ekish bilan birga, stansiya mutaxassislari daraxtlarning rivojlanishini nazorat qilish va sug‘orishni joriy etish bo‘yicha ham ishlar olib borishmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA