02.12.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat kengashi tomonidan Urganch davlat universiteti Axborot-resurs markazida “Shavkat Mirziyoevning «Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida» maqolasidagi strategik yo‘nalishlarni amalga oshirishda kasaba uyushmalarining o‘rni” mavzusida anjuman tashkil qilindi.
Viloyat kengashi raisi G.Qurbonboeva tadbirni ochib berdi hamda olib bordi.
Anjumanning asosiy maqsadi — Prezident Shavkat Mirziyoevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida belgilangan strategik vazifalar mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini ochib berish hamda mazkur yo‘nalishlarda kasaba uyushmalarining faol ishtirokiga qaratilgan taklif va mexanizmlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda kasaba uyushmalari xodimlari, viloyat moliya, iqtisodiyot va madaniyat boshqarmasi vakillari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, qozoq va turkman madaniy markazlari, keng jamoatchilik vakillari va nuroniylar, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar.
Anjumanda “Markaziy Osiyoda ta’lim va ilm-fan integratsiyasi: barqaror rivojlanish uchun inson kapitalini yuksaltirish”, “Markaziy Osiyo yoshlarining birdamligini mustahkamlashda kasaba uyushmalarining ishtiroki”, “Markaziy Osiyo xalqlarini birlashtiruvchi umumiy tarix va sivilizasion uyg‘unlik: zamonaviy hamkorlikka asos”, “O‘zbek-turkman do‘stligi — mintaqaviy barqarorlik va hamkorlikning zamonaviy modeli”, “O‘zbek-qozoq do‘stligi — Markaziy Osiyoda birdamlik, tinchlik va rivojlanishni mustahkamlovchi omil”, “Mintaqaviy totuvlik va ishonchni mustahkamlashda madaniy aloqalarning o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Anjumanda Prezident maqolasida ilgari surilgan fikr va mulohazalar mintaqadagi har bir inson taqdiriga daxldor ekani, Markaziy Osiyodagi hamkorlikni mustahkamlash siyosiy maqsad emas, balki strategik zarurat ekanligi qayd etildi.
Yaqin qo‘shnichilik munosabatlarining rivojlanishi Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni ham yangi bosqichga ko‘tardi.
2021 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashi tashkil etildi. Bugungi kunda Kengashga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Mo‘g‘uliston a’zo hisoblanadi. Kengash faoliyati nafaqat ijtimoiy xavfsizlik va mehnat muhofazasi sohalari, balki mintaqaviy hamkorlikning keng yo‘nalishlarini ham qamrab olmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev maqolasida “Markaziy Osiyo yaqin o‘n yilliklarda qanday rivojlanadi?” degan prinsipial savolga javobni birgalikda ishlab chiqish zarurligi ta’kidlanadi. Maqolada bu yuzadan beshta ustuvor yo‘nalish va strategik vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan.
Anjumanda ushbu strategik vazifalar ijrosi, mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyati va istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский