09.12.2025. Har yili 3 dekabr’ — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash, huquq va manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratib kelinadi. Ayni shu maqsadda “Mehr-muruvvat oyligi” o‘tkazilib, ijtimoiy himoya yo‘nalishida chora-tadbirlar asosida ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan ham “Mehr-muruvvat oyligi” doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, homiylik ishlari va sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, tarmoq tizimidagi “Qo‘ng‘irod soda zavodi” MChJ QK rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida joylashgan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyiga 900 kg kartoshka, 600 kg piyoz, 600 kg sabzi va 900 kg guruch mahsulotlari berildi. Shuningdek, Qo‘ng‘irod tumanida yashovchi 20 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga 600 kg kartoshka, 400 kg piyoz, 400 kg sabzi va 600 kg guruch mahsulotlari tarqatildi.
Shunday tadbirlardan yana biri — “Ammofos-Makham” kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan Olmaliq shahar 6-sonli alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashgan yordam maktabi bilan hamkorlikda bayram dasturi o‘tkazildi.
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan maktab tarbiyalanuvchilariga “Turkiston” saroyida tashkil etiladigan Yangi yil bayram dasturiga beg‘araz chiptalar olib berildi.
Ushbu kunni nishonlashdan asosiy maqsadlardan biri — butun dunyoda amalga oshiriladigan dastur va loyihalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida teng huquqlilik asosida ishtirok etishini ta’minlash, ularning manfaatlari va qadr-qimmatini himoyalovchi qonunlar hamda barcha uchun ochiq va do‘stona jamiyat qurishdan iboratdir.
Tadbirda bolajonlarning sahnaviy chiqishlari, jumladan raqslari, barchaga yanada xursandchilik ulashdi. Tashkilotchilar tomonidan maktabga foydalanish uchun esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Tarmoq tizimidagi “Navoiyazot” AJ korxonasida ham kasaba uyushmasi qo‘mitasi faollari tomonidan Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar va yolg‘iz pensionerlar holidan xabar olindi.
Xayrli tashabbus doirasida oilalar vakillariga birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
3 dekabr’ — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda korxona mas’ullari tomonidan “Imkoniyati cheklangan fuqarolar — doimo e’tiborimizda” shiori ostida nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi pensionerlar holidan xabar olindi.
Tadbir davomida ularning turmush sharoitlari o‘rganildi, murojaatlari tinglandi va amaliy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, korxona tomonidan mehr-oqibat ramzi sifatida oziq-ovqat to‘plamlari topshirildi.
Shuningdek, “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ xodimlari o‘rtasida bir qator sport musobaqalari tashkil etildi. Jumladan, erkaklar o‘rtasida darts, xotin-qizlar o‘rtasida esa shashka musobaqalari o‘tkazildi.
Musobaqada faol ishtirok etgan barcha g‘oliblar jamiyat kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Shavkat Toirov
O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский