[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

15.12.2025. Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda olib borilayotgan kuchli ijtimoiy himoya siyosati hamda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishlaridagi tizimli islohotlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham faol ishtirok etib kelmoqda. Kasaba uyushmalarining ish beruvchilar va davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish sohasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlari, muzokara va maslahatlashuvlari natijasida ijtimoiy-mehnat sohasiga oid dolzarb masalalar hal etib kelinmoqda.

Xabaringiz bor, har yili an’anaviy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar mutasaddilarining kasaba uyushmalari faollari bilan ijtimoiy-mehnat sohasidagi dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan Davra suhbatlari o‘tkazib boriladi. Mazkur an’anaga asosan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Hukumat, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida Davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbati “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun va Bosh jamoa kelishuvining amaliy ijrosi sifatida jamoatchilik eshituvi shaklida o‘tkazildi.

Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Bosh prokuratura, Markaziy bank, manfaatdor vazirliklar va idoralar, Ish beruvchilar Konfederatsiyasi, Ish beruvchilar assosiasiyasi, nodavlat notijorat tashkilotlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari vakillari bevosita, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar kasaba uyushmalari kengashlari esa onlayn tarzda ishtirok etdilar.

Joylarda o‘tkazilgan yig‘ilishlar va ochiq muloqotlarda respublika miqyosidagi tashkilotlar ko‘rib chiqishi lozim bo‘lgan qator masalalar ko‘tarilgan bo‘lib, ularni birgalikda muhokama qilish va yechim topish Respublika Davra suhbati ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.

Mamlakatimizda kasaba uyushmalarining erkin va keng ko‘lamli faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Natijada oxirgi yillarda kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga ko‘tarildi, kasaba uyushmalarining xodimlar mehnat huquqlarini himoyalash, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va XMT konvensiyalarini ratifikasiya qilishda hamkorlik yo‘nalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi.

So‘nggi yillarda kasaba uyushmalari mehnatkashlarning huquqiy himoyasini ta’minlash bilan birga mehnat sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 2,5 mingdan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha taklif va tavsiyalar kiritdilar.

Tizimda Mehnat inspeksiyasining tashkil etilgani jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Oxirgi besh yillikda kasaba uyushmalari inspektorlari tomonidan 13 mingdan ziyod tashkilotda qariyb 46 mingta kamchilik aniqlandi va ularning 39 mingdan ortig‘i bartaraf etildi. Jamoatchilik nazorati orqali qariyb 500 ming nafar xodimning huquqi tiklanib, ular foydasiga 267 mlrd. so‘m undirib berildi.

2025 yil 1 yanvarga kelib, jamoa shartnomalari soni 2021 yildagi 110 mingdan 127 mingtaga, jamoa shartnomalari bilan qamrab olingan xodimlar soni esa 4,5 mln.dan 5 mln. 540 ming nafarga yetdi. Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali 960 mingdan ortiq ayollar, keksalar  va  yoshlar manzilli qo‘llab-quvvatlandi.

Bugungi kunda jamoa shartnomalari xodimlar uchun bandlik va munosib mehnat kafolatlarini belgilash, ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylangan. Tuzilgan jamoa shartnomalarining barchasida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan oldin kasaba uyushma qo‘mitasining roziligini albatta olish talabi kiritilgan.

Respublika bo‘yicha 32 ming 251 ta korxona va tashkilotda jamoa shartnomalari asosida yagona tarif setkasida belgilangan razryadlar koeffisienti ko‘tarilgan bo‘lib, bu orqali 1 mln. 342 ming nafar xodimning ish haqi oshirilishiga erishilgan.

Jamoa shartnomalari orqali 101 ming 159 nafar xodimga to‘liqsiz ish vaqti sharoitida ishlash, 2 mln. 635 ming nafar xodimga asosiy uzaytirilgan, 4 mln. 257 ming nafar xodimga esa yillik qo‘shimcha ta’tillardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, 80 mingdan ziyod tashkilotda jamoa shartnomalari asosida ijtimoiy ta’tillar belgilangan va ulardan foydalangan xodimlar soni qariyb 2,5 mln. nafarni tashkil etadi.

Tahlillarga ko‘ra, jamoa shartnomalarida xodimlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar kiritilishi natijasida, respublika bo‘yicha o‘rta hisobda bir xodimga yil davomida sarflangan mablag‘ 10 mln. 89 ming so‘mni tashkil etib,  2020 yilga nisbatan  2 barobarga ortgan.

Aholining kam ta’minlangan qatlamlari ijtimoiy himoyasini ta’minlash yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Ayollar daftari” orqali 4,5 million nafar kam ta’minlangan xotin-qizga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Mamlakatimizning 14 ta hududida 969 ta kooperatsiya usulidagi loyiha tufayli 124 mingdan ziyod aholi, jumladan, 90 mingdan ortiq ayollar bandligi ta’minlanishi bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatildi. Shuningdek, Genderga oid audit o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, 5 ta vazirlik hamda uning tarkibiy tuzilmalarida genderga oid audit o‘tkazildi. Federatsiyaning “1211” Ishonch telefoniga xotin-qizlardan tushgan 200 mingdan ziyod murojaatning 99,6 foizida ko‘tarilgan masalalar hal etildi.

Bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish, davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Kasaba uyushmalari bu borada katta tajriba va salohiyatga ega. Raqamlarga murojaat etsak, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan  1991 yildan 2017 yilgacha o‘tgan 26 yil davomida kasaba uyushmalari tizimida 1 ta yangi sanatoriy qurilgan bo‘lsa, oxirgi to‘qqiz yilda 14 ta yangi sanatoriy qurilib, foydalanishga topshirildi va yana 10 ga yaqini rekonstruksiya qilindi. Natijada o‘rinlar soni 2017 yilga nisbatan 2 ming 43 taga oshib, yiliga qo‘shimcha 60 mingdan ortiq aholini sog‘lomlashtirish imkoni yaratildi.

So‘nggi besh yillikda Federatsiya tizimidagi sanatoriy va dam olish uylarida 900 mingga yaqin fuqaro sog‘lomlashtirildi, ularning 43 foiziga imtiyozli yo‘llanmalar ajratilib, salomatligi mustahkamlandi.

Bundan tashqari tizimda 9 ta yangi bolalar oromgohi qurildi, 76 tasi kapital ta’mirlandi. 1 mln. 545 ming nafardan ziyod bola, shu jumladan, ularning 800 ming nafari stasionar, 700 ming nafardan ziyodi kunduzgi oromgohlarda sog‘lomlashtirildi.

Ma’lumki, 2025 yil 17 oktyabrda Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoevning kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalarning mehnat sohasidagi masalalarda ta’sirini oshirish muhim vazifalardan ekanligini ta’kidlab, Prezidentimiz kasaba uyushmalari oldiga aniq vazifalar qo‘ydilar. Unga ko‘ra, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlarini tayyorlash jarayoniga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiyasini ham jalb qilish topshirildi. Mazkur yangicha yondashuv ushbu masalada xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish imkonini beradi.

Shuningdek, muhtaram Prezidentimiz vazirlik va idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini doimiy ravishda o‘tkazib borish, tarmoq kasaba uyushmalari raislarini vazirlik va  idoralar xay’ati a’zoligiga kiritish taklifini berdilar. Bu – qo‘shma majlislarda tarmoq jamoa kelishuvlari va shartnomalarining bajarilishi, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi va boshqa ijtimoiy masalalarni muhokama qilib borish va yechimini topish imkonini beradi.

Davra suhbatida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy himoyasini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish, ish o‘rinlarini shahodatdan o‘tkazish, xodimlarga beriladigan imtiyoz va kafolatlar hamda joylarda ko‘tarilgan respublika miqyosidagi vazirlik va idoralarga bog‘liq qator boshqa masalalar, savol va takliflar muhokama qilindi, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid zarur tavsiyalar belgilab olindi, ularni birgalikda amalga oshirish yo‘llariga aniqlik kiritildi.

Jamoatchilik eshituvi shaklida o‘tkazilgan davra suhbatida mehnat sohasida kelgusi yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan qator ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida ham axborot berildi.

Shuningdek, byudjet tashkilotlarida ish haqi, ijtimoiy himoya hamda mehnat muhofazasi ishlarini moliyalashtirish, bandlik va mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish, xodimlar sog‘ligini muhofaza qilish borasidagi savollarga vazirlik va idoralar vakillari tomonidan aniq va batafsil javoblar berildi.

Kelgusida ham ushbu yo‘nalishlardagi masalalarni davlat organlari va kasaba uyushmalarining hamkorligida hal etib borish xususida kelishib olindi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati