[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

18.12.2025. O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi va “Ammofos-Maxam” AJ kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan korxonaning majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasi yuzasidan seminar tashkil etildi.

Unda kasaba uyushmasi Respublika kengashi mutaxassislari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Respublikasi Turon fanlar akademiyasining akademigi, professor Qobilbek Karimbekov, “Ammofos-Maxam” AJ boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha maslahatchisi R. Abdukadirova, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi M. Usmanova, korxona xodimlari, shuningdek, “Maxam-Chirchiq” AJ, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XK, “Biokimyo” AJ, “O‘zkimyosanoatloyiha” AJ, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti kasaba uyushmasi tashkilotlari faollari ishtirok etdilar.

Seminarda siyosiy sharhlovchi, professor Qobilbek Karimbekov “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasining mazmun-mohiyati va bugungi kundagi dolzarbligi yuzasidan ma’ruza o‘qidi. U o‘z ma’ruzasi davomida uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlarini qiynab kelgan masala va muammolarning yechimi Maslahatlashuv yig‘ilishlari davomida o‘zaro muloqotlar orqali tinch yo‘l bilan hal etilayotganligiga e’tibor qaratdi.

Jumladan, 2025 yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch davlatning chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnoma va Xo‘jand deklaratsiyasining imzolangani, Farg‘ona tinchlik forumi mamlakatlarimizning Farg‘ona vodiysida tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilishining yaqqol amaliy tasdig‘i ekanligi, ilgari keskin kelishmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘lib kelgan suv-energetika sohasida ham prinsipial ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berayotganligi, Toshkent va Bishkek o‘rtasida Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi kelishuv, O‘zbekiston va Tojikiston ishtirokida Zarafshon daryosida Yovon va Fondaryo GESlarini qurish bo‘yicha hamkorlik oldinga siljib borayotgani, shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston o‘rtasida Bahri Tojik suv omborini vegetasiya davrida kelishilgan tartibda ishlatish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganligi kabi ko‘plab yutuqlar sanab o‘tildi.

Seminar davomida kasaba uyushmasi Respublika kengashining ijtimoiy masalalar bo‘yicha bosh mutaxassisi Nilufar Muzapparova “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan o‘tkazgan uchrashuvi” to‘g‘risida, shuningdek, kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shavkat Toirov “Yangi O‘zbekiston – yangi kasaba uyushmalari” mavzusida ma’ruza qildilar.

Tadbir so‘ngida mavzular yuzasidan xodimlar va kasaba uyushmasi faollari tomonidan fikr-mulohazalar bildirildi hamda savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi