[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

23.12.2025. Davlatimiz rahbarining joriy yil 17 oktyabrdagi kasaba uyushmalari faollari bilan uchrashuvdagi topshirig‘i asosida Xorazm viloyatining Urganch tumani xududida “Kasaba uyushmalari bog‘i” tashkil etildi.

“Kasaba uyushmalari bog‘i” 20 gektarni tashkil etadi. Qisqa  muddat ichida Urganch tumanidan ajratilgan yer maydoni obodonlashtirilib, bu yerda  35 ming tupdan ziyod 15 xil manzarali daraxtlar, jumladan archa, sosna, terak, gujum va boshqa turdagi ko‘chatlar ekildi. Bunga 600 nafardan ortiq ishchi-xodimlar jalb etildi.  Bog‘ xududiga 3 ming donadan ortiq atirgullar o‘tqazildi. Fuqarolar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 6 km uzunlikda yurish va yugurish yo‘lakchalari hamda 3 ta suhbat ayvonchasi barpo etildi. 60 ta zamonaviy o‘rindiq,140 ta yoritgich chiroqlari qo‘yildi. Shu bilan birga ko‘chatlarni parvarishlash va sug‘orish maqsadida  1,5 kilometr uzunlikda ariq qazilib betonlashtirildi. Bundan tashqari 2 ta bolalar va sport maydonchalari barpo etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan bog‘ xududida mehnatni ulug‘lovchi, davlat, kasaba uyushmalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni ifodalovchi hamda uch tomonlama sheriklik – tripartizim ramzi bo‘lgan, balandligi 9 metrni tashkil etuvchi stella o‘rnatildi.

“Kasaba uyushmalari bog‘i”ning ochilish marosimi tantanali tarzda bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, O‘zbekiston  kasaba uyushmalari Federatsiyasi mutasaddilari, viloyat kasaba uyushmalari faollari  va nuroniylar ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan inson qadri uchun tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar ahamiyati va natijalari xaqida gapirdilar. Kasaba uyushmalari bog‘i mehnat ahliga bo‘lgan hurmat va ehtirom ramzi ekanligini e’tirof etdilar.

Mazkur loyiha faqat dam olish, sayr qilish xududi bo‘lib qolmasdan, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan so‘lim maskanga aylanadi. Qolaversa Xorazm viloyatining ekologik barqarorligiga, atrof muhit obodligiga munosib xissa qo‘shadi.