[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

29.12.2025. Bola – bu o‘zgacha bir olam, hayot mazmunining ajralmas qismidir. Ko‘zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg‘och misoli. Shu bois ham mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan har tomonlama barkamol avlod tarbiyasiga yuksak e’tibor qaratilib, ko‘plab ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinlashib kelayotgan yangi yil arafasida ham bolajon yurt va baxtiyor bolalar mamlakati bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda ertamiz egalari uchun o‘zgacha ruh va ko‘tarinki kayfiyat ulashuvchi qator bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ana shunday shukuhli tadbirlardan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyida o‘tkazildi.

Bayram tadbiri va “Qarsildoqning yangi sarguzashtlari” nomli musiqali ertak tomoshasiga Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi Mehribonlik uylari va Oilaviy bolalar uylarida  tarbiyalanayotgan o‘g‘il-qizlar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va nogironligi bor ota-onalar farzandlari hamda jismoniy imkoniyati cheklangan bolajonlar taklif etildi.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan qayta tiklanib, xalqimizga taqdim etilgan mazkur muhtasham saroyda bolajonlar tantanali ravishda kuy va qo‘shiqlar sadosi ostida kutib olindi. Mazkur tantanali bayram tadbiri bolajonlarga olam-olam quvonch baxsh etdi. Yosh avlod vakillariga peshvoz chiqqan Qorbobo va Qorqiz hamda turli ertak qahramonlari ishtirokidagi qiziqarli o‘yinlar bolajonlar kayfiyatini yanada ko‘tardi.

Saroy foyesida bolajonlar va ularga hamrohlik qiluvchilar uchun mazali tamolar va shirinliklardan iborat bayram dasturxonlari tashkil etildi.

Shundan so‘ng bolajonlar uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari saroyi qoshidagi “Qaldirg‘och” bolalar san’at markazi tomonidan maxsus sahnalashtirilgan “Qarsildoqning yangi sarguzashtlari” nomli musiqali ertak spektakli namoyish etildi.

Ushbu ertak orqali bolajonlar kattalar e’zozlanib, kichiklar izzatlangan, ezguliklarni amalga oshirish asosiy maqsad bo‘lgan yurtdagina inson o‘zini chinakamiga baxtli his qilishi mumkinligining guvohi bo‘ldilar. Shuningdek, tadbirda mehr-muruvvatli bo‘lish va o‘zgalarga yordam qo‘lini cho‘zish eng oliy fazilatlardan biri ekanligi, ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alabasi, oliy maqsad yo‘lida doimo olg‘a intilish va o‘zaro ishonchni oqlash zarurligi tarannum etildi.

Spektakldan so‘ng bolajonlar madaniy tadbirda ham ishtirok etdilar.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati