[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

07.01.2026. Dunyo aholisining 2 milliarddan ziyodi, ya’ni 25 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda esa yoshlar qatlami jami aholining qariyb 60 foiziga yaqin. Shuning uchun O‘zbekiston yoshlar mamlakati sifatida e’tirof etiladi. Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida hurmatli Prezidentimizning ko‘plab farmon va qarorlari qabul qilinib, ular doirasida yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor va shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi. Ayni paytda yoshlarga oid davlat siyosati to‘liq ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan. Yosh avlodga huquqiy kafolatlarni yaratishdan tortib, sifatli bilim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, shaxs sifatida kamol topishi, qo‘yingki, mehnat qilib, farovon kelajagini bunyod etishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.

Bu borada O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham yoshlar siyosati borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘tkazilayotgan turli tanlov va tadbirlarning o‘rni va ahamiyati nihoyatda muhimligini ta’kidlash lozim. Bu ayniqsa, yosh avlodni kasaba uyushmalari tizimlariga keng jalb qilish, ijtimoiy-siyosiy ko‘nikmalarini yanada mukammallashtirish masalalarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Mamlakat ijtimoiy hayotida yoshlar ishtirokini kuchaytirish, yurt taraqqiyoti yo‘lida yoshlarning daxldorligi va mas’uliyatini oshirishga yaqindan ko‘maklashish maqsadida 2025 yil fevralida viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi va viloyat Kengashining “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi tizimida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan yillik Yoshlar dasturi” ishlab chiqildi.

“O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi tizimida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan yillik Yoshlar dasturi” asosida tarmoq kasaba uyushmalari, tuman va shahar kengashlari, boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida birlashma va komissiyalarning dasturlari ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi 22 ta yo‘nalishni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishlarning har biri aynan yoshlarni rag‘batlantirish, ularga e’tibor qaratish va salohiyatli yoshlar safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ta’sis etilgan “Kasaba uyushmalari stipendiyasi” bo‘yicha har bir hududdan bir nafardan talabalar ro‘yxati shakllantirilib, g‘olib deb topilgan Sunnatova Nozima Ismatillo qiziga oyma-oy o‘z vaqtida stipendiya to‘lab berildi.

Tashkilotdagi yosh xodimlarning tashabbus va qiziqishlarini yaqindan o‘rganish hamda yosh xodimlarning rahbariyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqotini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida 4 286 nafar yoshlarning ishtiroki ta’minlandi.

15 fevral’ – Saraton kasalligiga chalingan bolalar kuni munosabati bilan “Men donorman” xayriya aksiyasi o‘tkazilib, unda 79 nafar yoshlar ishtirok etdi.

Yoshlarda vatanparvarlik, yurtga sadoqat, halollik va mardlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan 40 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda 5 372 nafar yosh ishtirok etdi. Ular o‘rtasida ekologik madaniyatni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Ekoturizm” aksiyasi doirasida 190 nafar yosh qamrab olindi. 7 aprel’ – Butun jahon salomatlik kuni munosabati bilan korxona va tashkilotlarda ishlayotgan yoshlar ishtirokida tashkil etilgan yurish bo‘yicha marafonlarda 1 000 nafarga yaqin yosh qatnashdi. Nuroniy va mehnat faxriylari holidan xabar olish orqali yoshlar ongida oila muqaddasligi, milliy qadriyatlarga sodiqlik g‘oyalarini shakllantirish maqsadida “Nuroniylar e’zozimizda” nomli uchrashuv va davra suhbatlarida 350 nafardan ortiq yosh ishtirok etdi.

Tashkilotdagi yosh xodimlarga milliy qadriyatlarimizni singdirish va tarixga bo‘lgan hurmatini oshirish maqsadida mamlakatimizning tarixiy obidalari va qadamjolariga ziyorat turizmi dasturlari amalga oshirilib, 1 300 nafar yoshlarning sayohatlari tashkil etildi.

Yosh xodimlar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazilib, unda 240 nafar ishtirok etdi. Mehnat jamoalaridagi yosh xodimlar o‘rtasida sportning “Stol tennisi” turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada 100 nafar ishtirok etdi. Viloyatdagi kasbiy ta’lim tashkiloti talabalari ishtirokida o‘tkazilgan “Mehnat huquqi bilimdoni” tanlovida 50 nafar ishtirok etdi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da o‘tkazilgan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kubogi” uchun shaxmat musobaqasining viloyat bosqichida 100 nafar yoshlarning faol ishtiroki ta’minlandi.

1 iyun’ – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi hamda a’zo tashkilotlar tomonidan viloyatdagi 500 nafar “Oilaviy bolalar uyi” tarbiyalanuvchilari, mustaqillik yillarida xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiylar va Ichki ishlar idoralari xodimlari farzandlari, chin yetim va ehtiyojmand oilalar farzandlari, iqtidorli bolalarning viloyat qo‘g‘irchoq teatriga, 300 dan ortiq bolalarning hayvonot bog‘iga, mingdan ortiq bolalarning madaniyat va istirohat bog‘lariga tashriflari tashkil etildi. 100 dan ortiq madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari uyushtirilib, mingdan ortiq bolalarning ishtiroki ta’minlandi.

Ularga kasaba uyushmalari va ish beruvchilar tomonidan turli ko‘rinishdagi bayram sovg‘alari ulashildi. Maxsus maktab-internatlarda tarbiyalanayotgan 200 nafar bolalarga manzilli tashriflar uyushtirildi.

Shuningdek, yoshlar siyosatini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan masalalar Bosh kelishuv, tarmoq va hududiy kelishuvlar hamda korxona, tashkilot va muassasalarda imzolanayotgan jamoa shartnomalarida o‘z ifodasini topib kelmoqda. Jamoa kelishuvlari va shartnomalariga yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar ko‘zda tutilgan alohida bo‘limlar kiritilishiga erishildi. Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida ta’lim olayotgan, korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan yoshlarning intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi.

Davlat dasturi doirasida 2025 yilning o‘tgan davrida mehnat jamoalarida faoliyat olib borayotgan yoshlarga jamoa shartnomalari orqali quyidagi yordamlar ko‘rsatildi:
996 ta korxona, tashkilot va muassasada 4 290 nafar kam ta’minlangan oilalar vakillariga ish beruvchi tomonidan 2 332 539,3 ming so‘m va kasaba uyushmasi tomonidan 1 390 358,5 ming so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatildi;
124 ta nodavlat mulk shaklidagi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan bolali 219 nafar ayollarga oylik maoshi saqlangan holda ish vaqti haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilandi va buning uchun ish beruvchilar tomonidan 114 232,0 ming so‘m mablag‘ sarflandi;
35 ta korxona, tashkilot va muassasada oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 37 nafar iqtidorli, kam ta’minlangan va chin yetim talabalarga 289 980,0 ming so‘mlik o‘quv shartnoma mablag‘lari qisman to‘lab berildi;
34 ta korxona, tashkilot va muassasada 40 nafar yosh oilalarga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish uchun 387 800,0 ming so‘mlik foizsiz ssudalar ajratildi;
231 ta korxona, tashkilot va muassasada 350 nafar ikki yoshdan uch yoshgacha bola parvarishi uchun ta’tilda bo‘lgan yosh onalarga 189 947,0 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi;
41 ta korxona, tashkilot va muassasada 46 nafar yosh xodimlarga safarbarlik zaxirasidagi harbiy xizmatga chaqirilishi munosabati bilan 278 400,0 ming so‘mlik foizsiz ssudalar berildi.

Shu bilan birga, kam ta’minlangan va ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj xodimlar farzandlarining tahsil olishlari uchun ularni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida belgilangan tartibda amaliy yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda. 3 dekabr’ – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolanayotgan bolajonlarga bayram sovg‘alari ulashildi. Shuningdek, tashkilot rahbarlari tomonidan yakka tartibda uyda ta’lim olayotgan o‘quvchilar holidan xabar olindi. Viloyat Kengashi tashabbusi bilan Xatirchi tumanidagi Changir, Qoracha, Nayman, Xo‘jaqo‘rg‘on va A. Navoiy MFYlarda yashovchi ehtiyojmand hamda nogironligi mavjud oilalarga tashrif buyurilib, ular bayram bilan tabriklandi, farzandlariga Yangi yil sovg‘alari va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Inson qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgan bunday e’tibor uchun fuqarolar, ayniqsa yoshlar, chuqur minnatdorlik bildirdilar.

Joriy yilning bugungi kuniga qadar 60 nafar yosh ishchi-xodimlarga viloyat Kengashining yuridik bo‘limi tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, 35 nafar yosh ishchi-xodimlar viloyat Kengashining kasaba uyushmalari ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtirildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan g‘oya mujassam. Ana shu hayotbaxsh g‘oya asosida odamlar dardi bilan yashash, ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish faoliyatimizning asosiy mezonlaridan biriga aylandi. Biz kasaba uyushmalarida faoliyat yuritar ekanmiz, barchamizning maqsadimiz bitta — yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kasaba uyushmasi a’zoligiga yanada ko‘proq yoshlarni jalb etish hamda ularning huquqiy manfaatlarini ta’minlashdan iborat.

Shuni katta ishonch bilan ayta olamizki, navoiylik yoshlarning barchasi bugungi hayotdan mamnun, ertangi kundan umidlari katta. Biz kasaba uyushmalari yo‘nalishida amalga oshirayotgan ishlarimiz orqali yosh avlodning ertangi kuni yanada farovon bo‘lishiga munosib hissa qo‘shayotganimizdan benihoya mamnunmiz.

Dilafro‘z O‘razova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi