08.01.2026. Ma’lumki, boshlang‘ich darajadagi ijtimoiy sheriklikning eng muhim hujjati – Mehnat kodeksining alohida bobi bag‘ishlangan Jamoa shartnomasi hisoblanadi.
Jamoa shartnomasi – tashkilot yoki yakka tartibdagi tadbirkordagi individual mehnat munosabatlari va bevosita ular bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi hamda xodimlar tomonidan ularning vakillari bo‘lgan kasaba uyushmalari va ish beruvchi o‘rtasida tuziladigan mehnat to‘g‘risidagi huquqiy hujjat hisoblanadi.
Jamoa shartnomasi butun bir tashkilotda, uning alohida bo‘linmalarida tuzilishi mumkin. Jamoa shartnomasi yozma shaklda tuziladi.
Jamoa shartnomasini tuzish zarurligi to‘g‘risidagi qaror va uni tuzish masalasi bo‘yicha jamoa muzokaralarini boshlash to‘g‘risidagi taklif tomonlardan biri, ya’ni xodimlar yoki ish beruvchidan tomonidan berilishi mumkin.
Jamoa muzokaralarini o‘tkazish va Jamoa shartnomasi loyihasini tayyorlash uchun ijtimoiy mehnat-masalalari bo‘yicha komissiya tuziladi.
Jamoa shartnomasining mazmunini va tuzilishini uning taraflari belgilaydi.
Jamoa shartnomasiga ish beruvchining va xodimlarning quyidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlari kiritilishi mumkin:
mehnatga haq to‘lash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensasiyalar, qo‘shimcha to‘lovlar;
narxlarning o‘zgarishidan, inflyasiya darajasidan, jamoa shartnomasida belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishidan kelib chiqqan holda mehnatga haq to‘lashni tartibga solish mexanizmi;
xodimlarning bandligi, ularni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, ularni ishdan bo‘shatish shartlari;
ish vaqti va dam olish vaqtining, ta’tillarning davomiyligi;
xodimlarning, shu jumladan ayollarning, nogironligi bo‘lgan shaxslarning va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnat sharoitlari hamda mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash;
tashkilotni, idoraga qarashli uy-joyni xususiylashtirish chog‘ida xodimlarning manfaatlarini hisobga olish;
ishni ta’lim bilan qo‘shib olib borayotgan xodimlar uchun imtiyozlar;
ixtiyoriy tibbiy va ijtimoiy sug‘urta;
ish beruvchi tomonidan xodimlarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qo‘shimcha badallar kiritish miqdorlari va muddatlari;
jamoa shartnomasining bajarilishi ustidan nazorat qilish, taraflarning javobgarligi, kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyat ko‘rsatishi uchun normal sharoitlar bilan ta’minlash.
Tashkilotning iqtisodiy imkoniyatlari hisobga olingan holda, jamoa shartnomasida boshqa shartlar, shu jumladan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan normalar hamda qoidalarga nisbatan imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qo‘shimcha ta’tillar, pensiyalarga ustamalar, muddatidan oldin pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlarini kompensasiya qilish, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning farzandlarini umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bepul yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, uyali aloqa, Internet jahon axborot tarmog‘i uchun haq to‘lash, oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qitish uchun ssudalar to‘lash va haq to‘lash, boshqa qo‘shimcha imtiyozlar va kompensasiyalar) ham bo‘lishi mumkin.
Agar qonunchilikda qoidalar jamoa shartnomasida albatta mustahkamlab qo‘yilishi shartligi to‘g‘risidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma mavjud bo‘lsa, ushbu qoidalar jamoa shartnomasiga kiritiladi.
Jamoa shartnomasining maketi amaldagi jamoa shartnomalari tahlilini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va mehnat qonunchiligining 2025 yil 25 dekabrgacha bo‘lgan o‘zgarishlariga muvofiqlashtirilgan.
Maket matni tavsiyaviy tusga ega.
Davlat byudjeti hisobidan moliyaviy jihatdan ta’minlanadigan tashkilotlar va muassasalarning jamoa shartnomalari loyihalarini qabul qilishdan oldin tegishli moliya organlari bilan kelishib olish tavsiya etiladi.
Jamoa shartnomasi maketini ushbu havola orqali yuklab olish mumkin.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский