[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

14.01.2026. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 34 yilligi hamda 14 yanvar’ — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bugun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi hamda Navoiy viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiruvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi binosida “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida vatanparvarlik tadbiri hamda kursantlar o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Xurshid Xalilov, Navoiy shahar Mudofaa ishlari bo‘limi faxriylari, harbiy qismda xizmat qilayotgan yoshlar, Navoiy viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiruvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi kursantlari, 5-umumta’lim maktabi o‘quvchilari hamda kasaba uyushmasi faollari ishtirok etdilar.

Vatanparvarlik tadbiriga tashrif buyurgan mehmonlar va ishtirokchilar binoning kirish qismidanoq bayramona kayfiyat ruhini his qildilar. Harbiy orkestr sadolari ostida yangragan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilar uchun bayram tabrigi sifatida yangradi.

Shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimini isloh qilish va uning qudratini mustahkamlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatining tahsinga loyiq ekanligi, milliy armiyamiz mamlakatimiz mustaqilligini saqlash, sarhadlar daxlsizligini ta’minlash hamda Vatanimizdagi tinch va xotirjam hayotning kafolati ekanligi misollar orqali tushuntirib berildi.

Mazkur bayramning nishonlanishi xalqimizning o‘z milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlarimizga nisbatan iftixorini ifodalaydi, — deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Xurshid Xalilov.

Tadbir so‘ngida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari va ishtirokchilari kasaba uyushmalarining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Dilafro‘z O‘razova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi raisi huzurida yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi