17.01.2026. Farg‘onada yaxshi an’ana bor. Ya’ni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliev tashabbusi bilan tarmoq kasaba uyushmalarining tuman-shahar kengashlari hamda yirik boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislarining bilimlarini doimiy ravishda oshirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yil boshi ham ana shunday xayrli ish bilan boshlandi. 10–15 yanvar’ kunlari O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi tuman, shahar kengashlari va kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufidagi “Zarkent” sanatoriysida tashkil etilgan o‘quv-seminar davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatidan kelib chiqadigan kasaba uyushmalarining ustuvor vazifalari mavzusi bilan boshlandi.
O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Farg‘ona viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Nozima Mirsalimovaning qayd etishicha, Murojaatnomada yurtimizda oxirgi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalari bilan bir qatorda, yaqin va kelgusi davr uchun belgilangan ustuvor vazifalar ham aniq ifoda etilgan. Kasaba uyushmalari ham Murojaatnomadan kelib chiqib, o‘z oldiga bir qator ustuvor vazifalarni belgilab oldi.
O‘quv-seminarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Abror Otaboev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 17 oktyabrdagi kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida, shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX qurultoyida berilgan topshiriqlardan kelib chiqadigan vazifalar to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumot berildi.
O‘quv jarayonida ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda “Jamoaviy muzokaralarni tashkil qilish to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risida”gi, “Jamoa shartnomasi loyihasini muhokama qilish va qabul qilish to‘g‘risida”gi hamda “Jamoa shartnomasini ekspertizadan o‘tkazish va ijrosini nazorat qilish to‘g‘risida”gi mavzular bo‘yicha taqdimotlar qildilar.
Shuningdek, “Yo‘llanmalardan samarali foydalanish to‘g‘risida”gi, “Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risidagi taqdimnomani ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi, “Muddatidan oldin saylovni tashkil qilish to‘g‘risida”gi, “Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi hamda “Madaniy, ma’rifiy va sport ishlarini samarali tashkil qilish to‘g‘risida”gi mavzular bo‘yicha ham dars mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berildi.
O‘quv jarayonlari davomida “Bilimlar bahsi” intellektual o‘yini o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘quvlarda olgan bilimlarini yanada mustahkamladilar va mantiqiy fikrlash doiralarini kengaytirdilar.
Interaktiv usullar, kreativ g‘oyalar va qizg‘in debatlar asosida o‘tgan jarayonlarda ishtirokchilar faol qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini, tajriba va takliflarini o‘rtoqlashdilar.
Abdurahim Meliboevning Farg‘ona tumanidagi 28-umumta’lim maktabi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi vazifasida ish boshlaganiga endigina bir oy bo‘ldi. Uning qayd etishicha, o‘quv-seminar yetakchilar uchun har tomonlama foydali bo‘lgan. Ayniqsa, ish faoliyatida ko‘p uchraydigan masalalar bo‘yicha ma’ruzachilardan ko‘plab ma’lumotlar olgan. Bunday o‘quvlarning tashkil etilishi kasaba uyushmasi faollarining o‘z ustida tinimsiz ishlashiga, yurtimizda olib borilayotgan ulkan islohotlardan xabardorlik hissini oshirishga undaydi. Shu o‘rinda u barcha tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
— Hayot shiddat bilan rivojlanayotgan ekan, bu barchamizdan izlanishni, intilishni talab etaveradi. Tashkil etilgan mazkur o‘quv-seminar biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Interaktiv usullar, yuzma-yuz muloqotlar, erkin fikrlar asosida tashkil etilgan o‘quvlardan ko‘p narsalarni o‘rgandik. Bundan tashqari, boshqa hududlardagi hamkasblarimiz bilan ham tanishib, fikr almashdik. Shunday shart-sharoitlar yaratib berganliklari uchun tashkilotchilarga rahmat aytaman, — deydi Furqat tumanidagi 31-umumta’lim maktabi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi Feruzaxon Vahobova.
Ishtirokchilar o‘quvlarda qatnashish bilan birga, davolash muolajalarini ham qabul qildilar. Shuningdek, ularning vaqtlarini yanada mazmunli o‘tkazish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari, konsert dasturlari ham tashkil etildi.
Yakunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi tomonidan kasaba uyushma tashkilotlari faollarining bilimlarini yanada oshirish va mustahkamlash maqsadida maxsus ishlab chiqilgan “Kasaba malaka” onlayn platformasi orqali ishtirokchilar test topshiriqlarini bajarib, onlayn sertifikat bilan taqdirlandilar.
Shohsulton To‘xtamatov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский