08.02.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi Qudratilla Rafikov olib bordi.
Videoselektor yig‘ilishida Markaziy studiyadan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari mutasaddilari, hududiy studiyalardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Mahallalar uyushmasining hududiy boshqarmalari boshliqlari, Federatsiyaning hududiy kengashlari raislari va mas’ul xodimlari, tuman (shahar) hokimlarining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdilar.
Kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalda tatbiq etilgan noyob tizim – “Ayollar daftari” tizimining 7-bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish va uni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2021 yildan beri muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan joriy etilgan “Ayollar daftari” tizimining 6 ta bosqichi orqali shu paytgacha Respublika bo‘yicha jami 4 mln 538 ming nafardan ziyod ehtiyojmand xotin-qizlarga amaliy yordamlar berildi. Birgina 2025 yil davomida Ayollar daftari” tizimining 6-bosqichida jami 1 mln 22 ming nafarga yaqin xotin-qizga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 17 oktyabr’ kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida “Ayollar daftari” bilan bog‘liq 2 ta muhim vazifa ilgari surilgan edi. Xususan, “Ayollar daftari” tizimi doirasida Kasaba uyushmalari bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligini yanada mustahkamlab, ishlarni mahalla darajasida manzilli tashkil etish vazifasi belgilangan edi. Ma’lumki, uning ijrosi yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Mahallalar uyushmasi bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ikkinchi esa, “Ayollar daftari” tizimini yanada takomillashtirib, u orqali uy-joy va yashash sharoitini yaxshilashga, tibbiy va psixologik yordamga muhtoj, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan, huquqiy yordamga muhtoj ayollarga ham amaliy yordam berish vazifasi bo‘lib, mazkur topshiriqqa asosan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda “Ayollar daftari” tizimining 7-bosqichi yuqori saviyada va sifatli amalga oshiriladi.
Endilikda “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlar toifalari yanada takomillashtirilib, 5 ta toifa bo‘yicha, ya’ni, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan opa-singillarimiz, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj xotin-qizlar, tibbiy va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar hamda huquqiy yordamga muhtoj xotin-qizlar ro‘yxatga kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.
1-toifaga bandligi ta’minlanmagan, ishlash istagida bo‘lgan va daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.
2-toifaga kiritiladigan xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar beriladi. Bular: bandligi ta’minlanmagan va tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar hamda tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan va ushbu faoliyati rivojlanishining dastlabki bosqichida turgan tadbirkor yoki o‘zini-o‘zi band qilgan xotin-qizlardir.
3-toifaga esa uy-joyi ta’mirlashga muhtoj, biroq oilasining moddiy imkoniyati yetmaydigan ehtiyojmand xotin-qizlar, shuningdek, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy yashash uchun turar joyi bo‘lmagan, bir xonadonda (kichik hovlida) uch va undan ortiq oila yashayotgan va uy-joy maydoni belgilangan ijtimoiy normadan kam bo‘lgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan, xususiy uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar kiritiladi. Ushbu xotin-qizlarga ijara kompensasiya to‘lovi to‘lab beriladi yoki moliyaviy imkoniyatdan kelib chiqib, uy-joy bilan ta’minlanadi.
4-toifaga ruhiy holatini yaxshilashga yoki Ijtimoiy reestrga kiritilgan oila a’zolarini jarrohlik amaliyotisiz davolash va jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.
5-toifaga huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan, ajrim, yarashtiruv, sud, aliment va boshqa shu kabi masalalarda maslahat va amaliy yordamga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar kiritiladi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan amaliy yordamlar jarayonida ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi, sog‘ligini tiklashi, ruhiy holatini yaxshilash, huquqlarining tiklanishi kabi yangi turdagi ijtimoiy yordamlar ko‘rsatish masalasiga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun imtiyozli kreditlar turlari kengaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Sirasini aytganda, asosiy maqsad – ehtiyojmand xotin-qizlarga shunchaki bir martalik yordam ko‘rsatish emas, balki ularning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi va kambag‘allikdan xalos bo‘lishiga ko‘maklashishdan iboratdir. Eng muhimi muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan joriy yilda ham “Ayollar daftari” orqali 1 mln nafar ehtiyojmand xotin-qizga manzilli yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Xususan, hududlar kesimida tahlillar shuni ko‘rsatadiki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 58 ming, Andijon viloyatida – 82 ming, Buxoroda – 62 ming, Jizzaxda – 46 ming, Qashqadaryoda – 102 ming, Navoiyda – 30 ming, Namanganda – 82 ming, Samarqandda – 105 ming, Sirdaryoda – 27 ming, Surxondaryoda – 71 ming, Toshkent viloyatida – 90 ming, Farg‘onada – 112 ming, Xorazmda – 60 ming, Toshkent shahrida – 98 ming ehtiyojmand xotin-qizga yordam ko‘rsatilishi zarur.
Buning uchun, mahallalardagi xotin-qizlarni xatlovdan o‘tkazilib, “daftar”ga kiritiladigan xotin-qizlar ro‘yxatlari shakllantiriladi hamda “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har bir hudud, tuman va shaharga mas’ullar, Mahallalar uyushmasi bilan imzolangan Hamkorlik memorandumiga muvofiq esa har 10 ta mahallaga bir nafardan kasaba uyushmasi xodimi biriktiriladi. Shuningdek, “mahalla – tuman (shahar) – viloyat” darajasida shtablar tashkil etiladi. Mahalla shtabiga – “mahalla yettiligi” a’zolari kiritiladi. Tuman (shahar) hamda viloyat shtablari tarkibiga – “Ayollar daftari” tizimi bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarma va bo‘limlari rahbarlari kiritiladi. Barcha darajadagi shtablar faoliyati kasaba uyushmalaridan biriktirilgan vakillar tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Mas’ullar tomonidan anketa-so‘rovnoma asosida xotin-qizlarning barcha yo‘nalishdagi muammolari uyma-uy yurish orqali o‘rganiladi va buning asosida “mahalla yettiligi” tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtojlik darajasi, ya’ni toifasi aniqlanadi hamda “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning ro‘yxatlari shakllantirilib, “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori bilan tasdiqlanadi.
Ro‘yxatlar tuzilgandan so‘ng har bir xotin-qiz uchun individual dastur ishlab chiqiladi va mas’ul tashkilotlar bilan kelishilgan holda “mahalla yettiligi” tomonidan tasdiqlanadi. Individual dasturda har bir ehtiyojmand ayolga ko‘rsatiladigan asosiy va qo‘shimcha “amaliy yordamlar” aniq ko‘rsatiladi. Bunda muhim jihatlardan yana biri -Individual dastur tasdiqlanishidan avval “daftar”ga kiritilayotgan ayolning o‘ziga ko‘rsatilib, imzolatiladi.
Videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni yuqori saviyada amalga oshirishni ta’minlash borasida markaziy va hududiy studiyalardan ishtirok etgan mutasaddi va mas’ullar ham o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Yig‘ilish yakunida Prezidentimiz tashabbuslari bilan amalga kiritilgan “Ayollar daftari” tizimi doirasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar millionlab opa-singillarimiz va ularning oilalari turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, ularning hayotiga yorug‘lik va rozilik olib kirishga qaratilgani, buning uchun barcha mas’ullar bor imkoniyatlarni ishga solishi va yakdillik bilan ish olib borishi zarurligi ta’kidlandi. Bu yo‘lda barcha mutasaddi tashkilotlarni xalqimizni rozi qilishdek ulkan mas’uliyat birlashtirib turgani qayd etildi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский