[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

11.02.2026. Ko‘rik-tanlov davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, ish beruvchilar hamda keng jamoatchilik e’tiborini mehnatni muhofaza qilish masalalarini hal etishga qaratish, ishlab chiqarish madaniyatini yuksaltirish, ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishini ta’minlash, shuningdek mehnat muhofazasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda kasaba uyushmalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida o‘tkaziladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan har yili “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” arafasida ishlab chiqarish va noishlab chiqarish tarmoqlari o‘rtasida to‘rtta nominasiya bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Ular quyidagilardan iborat:

“Eng yaxshi tashkilot”

“Eng yaxshi kasaba uyushma qo‘mitasi”

“Eng yaxshi mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil”

“Eng yaxshi mehnat muhofazasi bo‘yicha yosh mutaxassis”

Ko‘rik-tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqich fevral’ oyida boshlanadi va hududlarda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar hamda 35 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislar o‘rtasida o‘tkaziladi. Birinchi bosqich yakunlarini hududiy komissiyalar chiqaradi.

G‘oliblarga:

3-o‘rin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha,

2-o‘rin uchun — 6 baravarigacha,

1-o‘rin uchun — 8 baravarigacha miqdorda qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshiriladi.
G‘oliblar hujjatlari ikkinchi bosqichda ishtirok etish uchun yuboriladi.

Ikkinchi bosqich tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari miqyosida o‘tkaziladi. Unda har bir hududning eng yaxshi vakillari ishtirok etadi. Tarmoq komissiyasi tomonidan bosqich yakunlanadi.

G‘oliblarga:

3-o‘rin uchun — 8 baravarigacha,

2-o‘rin uchun — 10 baravarigacha,

1-o‘rin uchun — 12 baravarigacha miqdorda qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshiriladi.
G‘oliblar uchinchi bosqichga yo‘llanma oladi.

Uchinchi bosqichda tarmoq Respublika kengashlari va Federatsiya hududiy kengashlarining mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etadi. Har yili 1 avgustgacha Federatsiya komissiyasi tomonidan natijalar sarhisob qilinib, g‘oliblar aniqlanadi.

Ushbu bosqichda ikki nafar g‘olib — tarmoq Respublika kengashidan va Federatsiyaning hududiy kengashidan aniqlanadi. Ular bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdordagi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.

So‘nggi bosqich g‘oliblari 11 noyabr’ — Kasaba uyushmalari kunida taqdirlanadi.

Tanlovda ishtirok etish tartibi

Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish to‘g‘risida ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasining qo‘shma qarori qabul qilinadi. Baholashda tashkilotning o‘tgan yilgi faoliyat natijalari inobatga olinadi.

Agar baholanayotgan yil davomida ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa sodir etilgan bo‘lsa, ishtirokchi “Eng yaxshi tashkilot” nominasiyasi bo‘yicha tanlovga qo‘yilmaydi.

Qolgan nominasiyalar bo‘yicha guruhiy yoki o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa uchun ballar 50 foizga, og‘ir oqibatli baxtsiz hodisa uchun 30 foizga kamaytiriladi.

Baholash mezonlari

Quyidagilar inobatga olinadi:

mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimining mavjudligi va qonun hujjatlariga muvofiqligi;

xodimlarning o‘qitilishi va bilimlarining tekshirilishi;

noqulay mehnat sharoitida ishlovchilarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, maxsus kiyim va himoya vositalari bilan ta’minlash;

ish o‘rinlarini attestasiyadan o‘tkazish;

og‘ir va xavfli ishlarda mehnat muhofazasi talablariga rioya etish;

tibbiy ko‘riklarning o‘z vaqtida o‘tkazilishi;

profilaktik chora-tadbirlar;

ish beruvchining majburiy sug‘urtasi;

zararlarning o‘z vaqtida qoplanishi;

jamoatchilik nazorati;

komissiyalar faoliyati;

jamoa shartnomalaridagi mehnat muhofazasi talablari.

Tanlov ishtirokchilari taqdim etilgan hujjatlarning to‘liqligi va haqqoniyligi uchun javobgar hisoblanadilar. Komissiya a’zolari zarur hollarda tashkilotlarga tashrif buyurishi mumkin.

Noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilgan taqdirda ishtirokchi tanlovdan chetlashtiriladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, barcha boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarini ko‘rik-tanlovda faol ishtirok etishga chorlaymiz.

Mehnat muhofazasiga qo‘shgan hissangiz tashkilotingiz va xodimlaringiz farovonligiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi apparati Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi