[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

16.02.2026. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-yanvardagi 1-sonli bayoniga ko‘ra “11 fevral’ – Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” mavzusidagi haftalikda mamlakat kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etdilar. Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va unga a’zo tashkilotlar tomonidan mehnat jamoalarida mavzuga oid marifiy tadbirlar, Davra suhbatlari, seminar va konferensiyalar tashkil etildi.

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Akademiyasida o‘tkazildi.  “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar kuni” munosabati bilan “Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari” shiori ostida tashkil etilgan haftalik doirasida ilm-fan va innovasiyalar sohasida ayollarning rolini yuksaltirish, talaba-qizlarning ilmiy, ijodiy va texnologik salohiyatini rivojlantirish, ayollarning axborot texnologiyalari (AT) va sun’iy intellekt sohasidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda ilmga qiziqishlari, motivasiya va ijtimoiy faolliklarini oshirishga yo‘naltirilgan bir qator tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, haftalik doirasida tadqiqotchi talaba-qizlar o‘rtasida “PhD (falsafa doktori) sari qadam” loyihasi amalga oshirilib, ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Ushbu seminarda Akademiyaning Yurisprudensiya kafedrasi dosenti, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Aziza Xodjaeva tomonidan iqtidorli talaba-qizlar uchun master-klass tashkil etilib, PhD bosqichiga tayyorgarlikni kuchaytirish, ilmiy tadqiqot metodologiyasini o‘rganish, ilmiy maqola yozish va nashr etish ko‘nikmalarini shakllantirish, xalqaro jurnallar bilan ishlash, ilmiy rahbar topish va dissertasiya mavzusini aniqlash borasida maslahat va tavsiyalar berildi. Eng muhimi, loyiha doirasida amaliy mashg‘ulotlarni muntazam ravishda tashkil etib borishga kelishib olindi.

Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi, 106/22-guruh talabasi Nigora Maqsudova hamda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi, 101/22-guruh talabasi Sarvinozxon Bazarova bilan Akademiya talabalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda sovrindor talabalar va ularning ilmiy rahbarlari munosib rag‘batlantirildi.

Loyiha doirasida o‘tkazilgan yana bir tadbir – Yuridik fanlari doktori, professor, Faxriy Senator Mavjuda Rajabova bilan tashkil etilgan davra suhbatida Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, iqtidorli talaba-yoshlar hamda turli sohalarda samarali faoliyat olib borayotgan olima va mutaxassislar ishtirok etdilar. Mavjuda Rajabova o‘zining boy hayotiy tajribalarini talabalar bilan o‘rtoqlashdi.

Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlarning zamonaviy ilm-fan sohasida salohiyatlarini namoyon etishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar natijasida ularning ta’lim, raqamli texnologiyalar va innovasiyalar sohasida erishayotgan yutuqlari, ilmiy izlanishlari natijasida jamiyatda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni alohida ta’kidladilar. Shuningdek, Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish va gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida e’tirof etildi. Tadbir doirasida muvaffaqiyatli ilmiy faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchi ayollar hamda ilmiy-ijodiy yutuqlarga erishgan talaba-qizlar Faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Ishtirokchilar o‘rtasida ochiq muloqot va tajriba almashish jarayonlari tashkil etildi. «Ilm va ayol: barqaror jamiyat sari» tadbiri ilm-fan taraqqiyotida ayollarning o‘rni beqiyos ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Shuningdek, Akademiyada faoliyat yuritib, doktorlik dissertasiyalari ustida ishlayotgan doktorant va tadqiqotchi ayollar, ta’limning bakalavriat yo‘nalishida o‘qib, samarali izlanishlar olib borayotgan iqtidorli talaba qizlar ishtirokida “O‘zbekiston yosh olima qizlari – Uchinchi Renessans bunyodkorlari” mavzusida davra suhbati ham tashkil etildi.

Ushbu davra suhbati davomida ilmiy tadqiqot ishlarini boshlayotgan talaba qizlarga zarur ilmiy tavsiya va ma’lumotlar berildi.

Muhabbat O‘rmonbekova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matuot xizmati rahbari