04.03.2026. Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar farovonligini ta’minlash, og‘ir ahvolga tushib qolganlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Saraton kasalligiga chalingan bolalar jamiyatimizda alohida e’tibor va mehr talab qiladigan toifa hisoblanadi. Bolalar saratoni kam uchrasa-da, u og‘ir va murakkab kasallik bo‘lib, nafaqat bolaning o‘zi, balki uning oilasi hayotiga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Zamonaviy tibbiyot rivoji tufayli bugungi kunda ko‘plab bolalar to‘liq sog‘ayish imkoniyatiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–67-sonli qarorida saxovat ishlari ko‘lamini Ramazon oyida yanada kengaytirish bo‘yicha amaliy tadbirlar aniq belgilab berildi.
Qolaversa, Davlatimiz rahbarining Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida ham ushbu muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolganlarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekani ta’kidlandi.
Joriy yil 27 fevral’ kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo‘linmasi tomonidan “Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi”da “Yurakdan chiqqan yordam – shifo sari qadam!” shiori ostida xayriya tadbiri tashkil etildi. O‘tkazilgan xayriya tadbiri og‘ir kasallik bilan kurashayotgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Ushbu tadbirda bemor bolalarga kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan buyumlar, tibbiy anjomlar hamda bolajonlar qalbiga quvonch ulashuvchi sovg‘alar topshirildi. Tadbir davomida bolalarga ham moddiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatilib, ularning ruhiyatini ko‘tarish, tezroq sog‘ayishiga ishonch uyg‘otish asosiy maqsad etib belgilandi.
Bugungi kunda dunyoda ko‘plab bolalar saraton kasalligi bilan kurashmoqda. Bu kasallik nafaqat ularning sog‘lig‘iga, balki ruhiy holatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli jamiyatning yordam qo‘lini cho‘zishi, xayriya tadbirlari orqali bu bolalarga quvonch va umid ulashishi muhimdir.
Har bir bola hayotda quvonchga va kelajak orzulariga loyiqdir. Ammo ba’zi bolalar uchun hayot sinov bilan boshlanadi. Saraton kasalligi bilan og‘rigan bolalar va ularning oilalari nafaqat ruhiy, balki moliyaviy qiyinchiliklarga ham duch keladi. Shu sababli jamiyatning yordam qo‘lini cho‘zishi ular uchun katta ahamiyatga ega.
Shuningdek, bolalar saratonini davolashda psixologik yordam ham muhim o‘rin tutadi. Uzoq muddatli davolanish jarayoni bolaga ham, uning ota-onasiga ham ruhiy bosim keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois tibbiy yordam bilan bir qatorda ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy yordam va reabilitasiya xizmatlari ham katta ahamiyatga ega.
Saraton kasalligiga chalingan bolalar uchun o‘tkazilgan har bir xayriya tadbiri — bu nafaqat yordam, balki katta umiddir.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский