26.03.2026. Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentiz tashabbuslari bilan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, buning uchun zarur tuzilmalarni shakllantirish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda tarixiy yutuqlarga erishmoqdalar. Xususan, Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz ishtirokchi davlatlar orasida umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 4-o‘rinni, turkiy va Islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan bu kabi yutuqlar Davlatimiz rahbarining sport sohasiga va sportchilarga ko‘rsatayotgan yuksak e’tiborlari samarasidir.
Mazkur yo‘nalishlardagi ishlarga munosib hissa qo‘shish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham turli sohalarda mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, ularni sportga keng jalb etish, bu orqali xodimlar salomatligini mustahkamlash va mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi barqarorligini ta’minlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab Navro‘z umumxalq bayrami keng nshonlanayotgan shukuhli kunlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan barpo etilgan Akbar Jo‘raev nomidagi og‘ir atletika sport maktabining foydalanishga topshirilgani ham xalqimizga munosib tuhfa bo‘ldi.
Mazkur Respublika maktabining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi, Osiyo og‘ir atletika Federatsiyasi, O‘zbekiston og‘ir atletika Federatsiyasi, “Uzbekistan Aquatics” federatsiyasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, Yozuvchilar uyushmasi, Toshkent viloyati hokimligi mutasaddilari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va uning tasarrufidagi tashkilotlar, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari rahbarlari, olimpiya chempionlari, taniqli sport ustalari, kasaba uyushma sportchilari va mehnat fariylari ishtirok etdilar.
Yangi O‘zbekistonda og‘ir atletikani yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish maqsadiga qaratilagandir.
Tantanali tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Senator Qudratilla Rafikov ochib berdi.
– Yuragi Yurtim deb uradigan, bilagi kuchga, qalbi g‘ayratga to‘la, ko‘zidan o‘t chaqnab turgan Akbar Jo‘raev kabi farzandlarimizga o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarishi uchun chekka qishloqlarda ham barcha sharoitlar yaratib berilayotgani Yurtboshimizning yoshlarimizga bo‘lgan yuksak mehr va e’tibori namunasidir, – dedi jumladan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Senator Qudratilla Rafikov. – Prezidentimiz sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda sportni, shu jumladan, sportning og‘ir atletika turini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, yoshlarning iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. Buning natijasida og‘ir atletikachilarimiz jahonning nufuzli musobaqalarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, o‘zbek sporti salohiyatini butun dunyoga namoyon etmoqdalar. Zero ushbu maskanni barpo etishdan ko‘zlangan maqsad ham Akbar Jo‘raevning munosib izdoshlari, Yangi O‘zbekistonimizning Yangi oltin avlod sport yulduzlarini tarbiyalashdir.
Olimpiya chempioni, uch karra jahon chempioni, Olimpiya rekordi va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Akbar Juraev nomidagi og‘ir atletika sport maktabining purviqor tog‘lar qo‘ynida joylashgan Bo‘stonliq tumanining Soyliq qishlog‘ida barpo etilishi ham bejiz emas. Avvalo ushbu maskanning musaffo havosi, so‘lim tabiati sportchilarga o‘ziga xos kuch-quvvat bag‘ishlaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Zero, Og‘ir atletika bo‘yicha 2021 yilda jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Doston Yoqubov, Olimpiya rekordchisi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi, uch karra jahon chempioni, kasaba uyushmalari sportchisi Akbar Jo‘raev kabi afsonaviy sportchilarimiz ham Soyliqda kamol topganlar. Ularni bugungi kunda butun dunyo taniydi va tan oladi.
Bugun dunyo qalqib turgan bir davrda Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan millatparvar siyosat, xalqimiz farovonligini oshirish, turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan insonparvar g‘oyalarning uzviy davomi sifatida bo‘y ko‘rsatgan ushbu bunyodkorlik namunasi, ya’ni, Davlatimiz Rahbarining topshirig‘i asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan qurib foydalanishga topshirilayotgan Akbar Jo‘raev og‘ir atletika sport maktabi ham ana shunday ezgu ishlarning amaliy davomidir.
Bundan atigi 10 yil oldin tog‘lar orasidagi ushbu qishloq bolalari o‘ta og‘ir holatdagi va hech qanday sharoiti bo‘lmagan, moslashtirilgan kichik va tor binolarda sport bilan shug‘ullanishga majbur edilar. Bugun esa Prezidentimiz tashabbuslari bilan jahon standartlariga mos keladigan muhtasham sport majmuasining barpo etilgani ko‘plab havaskor va professional sportchilarning, ular ota-onalarining orzusini haqiqatga aylantirdi.
Qisqa fursatda bunyod etilgan Akbar Jo‘raev nomidagi ushbu sport majmuasida barcha zarur sharoit va qulayliklar yaratilgan bo‘lib, ushbu ob’ekt qurilishiga kasaba uyushmalari tomonidan qariyb 25 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Yangi O‘zbekiston ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shilgan va yagona hisoblangan ushbu og‘ir atletika maktabi zamon talablariga mos ravishda qurilgan bo‘lib, zamonaviy sport zali, 3 ta mashg‘ulotlar zali, jismoniy chiniqish uchun stadion, majlislar zali, tibbiyot va uslubchilar xonasi, murabbiylar xonasi, suzish hovuzi, yotoq binosi, sanuzellar va oshxonani o‘z ichiga oladi. Bunday sharoitlarning yaratilgani og‘ir atletikachilar uchun nafaqat shug‘ullanish, balki o‘z mahorat va nazariy bilimlarini mustahkamlash imkonini ham beradi.
Alohida ta’kidlash joizki, maktab eng zamonaviy sport anjomlari, uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan. Ushbu maktabda tarbiyalanuvchi yoshlar orasidan kelgusida Ona yurtimiz sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qiladigan, Vatanimiz bayrog‘ini yanada yuksaklarga ko‘taradigan sportchilar yetishib chiqishiga shubha yo‘q.
Muhtaram Prezidentimizning sportning birgina yo‘nalishi bo‘yicha katta muvaffaqiyatga erishgan Akbar Jo‘raevga ushbu sovg‘asi misolida ham ko‘rishimiz mumkinki, kimningki qalbi Vatan deya urar ekan, u hamisha yuksak natijalarga erishadi hamda e’tiborda va ardoqda bo‘ladi.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский