27.03.2026. O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasining X qurultoyida Respublika kengashining yaqin istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida “Yangi O‘zbekiston — yangi kasaba uyushmalari” shiori asosida quyi bo‘g‘inlar, jumladan boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarish vazifalari belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 24–25 mart kunlari Jizzax viloyatida “O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislarining malakasini oshirish” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘quv-seminarda O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari X. Begmatov, Mehnat inspeksiyasi boshlig‘i — Bosh mehnat inspektori A. Musulmanov, tegishli bo‘lim rahbarlari, Jizzax viloyati hokimligi mutasaddi vakillari, shuningdek 12 ta tuman kengashlari raislari hamda 90 nafar boshlang‘ich tashkilot raislari ishtirok etdilar.
O‘quv-seminarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Jizzax viloyati kengashi raisi v.v.b. A. Ixtiyorov ochib berdi va ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Seminar davomida mehnatkashlarni ijtimoiy himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, mehnat xavfsizligi talablariga rioya etish, mehnat shartnomalarini to‘g‘ri rasmiylashtirish hamda hujjatlar yuritish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonun, Mehnat kodeksi mazmuni, kasaba uyushmalari faoliyatini ustav talablari asosida tashkil etish, xalqaro mehnat standartlari va gender tenglik masalalari bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Korxona va tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish, jamoatchilik nazoratini tashkil etish, mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solish, ijtimoiy sheriklik asoslari hamda jamoa shartnomalarini tuzishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv-seminar doirasida ishtirokchilar Jizzax viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi o‘rtasidagi hamkorlik, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar uchun Jizzax viloyati tarixi va madaniyati muzeyi hamda Hamid Olimjon va Zulfiya muzeyiga sayohatlar tashkil etildi.
Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda o‘zaro fikr almashildi.
O‘quv yakunida barcha ishtirokchilarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Malaka oshirish instituti tomonidan sertifikatlar topshirildi.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский