01.04.2026. “Farg‘onaazot” AJ korxonasining 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2025 yil yakunlari bo‘yicha bajarilishiga bag‘ishlangan mehnat jamoasining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada jamiyat boshqaruvi raisi G‘ulomjon Soliev, O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Ibrohim Isoqov, mehnat-huquq inspektori Mirsulton Abbosov, kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ilhom Abduvohidov, shuningdek, tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va saylangan delegatlar ishtirok etdi.
Konferensiya kun tartibiga muvofiq, boshqaruv raisi hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisining jamoa shartnomasi ijrosi bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
O‘tgan davr mobaynida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini mustahkamlash va bolalarni sog‘lomlashtirish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda sport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Kasaba uyushmasi a’zolik badallari hisobidan 130 nafar xodim yurtimizning eng so‘lim sihatgohlarida dam oldirildi. Xo‘jalik organi mablag‘lari hisobidan 28 nafar xodimga, ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan esa 43 nafar xodimga mablag‘ ajratilib, sog‘lomlashtirildi. Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tibbiy ko‘mak sifatida 182 nafar xodim uchun stomatologik xizmatlar tashkil etilib, ularning xarajatlari qoplab berildi.
Bugungi kunda korxonada faoliyat yuritayotgan xodimlarning 700 nafarga yaqinini yoshlar tashkil etadi. 2025 yil davomida korxonada yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish doirasida ham ko‘plab tadbirlar tashkil etildi. Xususan, yoshlarning intellektual qobiliyatini yanada yuksaltirish maqsadida “Eng faol yosh kitobxon”, “Zakovat” kabi intellektual o‘yinlar, shuningdek, yoshlar kuni munosabati bilan “Yoshlar haftaligi” doirasida tadbirlar, “Salomatlik uchun 5 ming qadam” shiori ostida yurish marafonlari, mini-futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka va sportning boshqa turlari bo‘yicha spartakiada o‘yinlari o‘tkazilib, ushbu tadbirlarga 600 dan ziyod yoshlar jalb etildi.
Yoshlarning kasbiy mahoratini oshirish maqsadida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha “Eng yaxshi yosh elektromontyor”, “Eng yaxshi yosh payvandchi”, “Eng yaxshi yosh laborant”, “Eng yaxshi yosh chilangar” va “Eng yaxshi yosh metrolog” yo‘nalishlarida “Kasb mahorati” ko‘rik-tanlovi hamda “Eng yaxshi yosh kimyogar” tanlovi o‘tkazildi.
O‘tgan yil davomida o‘z muammolari bilan murojaat qilib kelgan 190 nafar yoshlarga 86 mln so‘m miqdorda bir martalik moddiy yordam berildi.
Birinchi martda kuni nikohdan o‘tayotgan 21 nafar yoshga 25 mln so‘mdan ziyod miqdorda mukofot pullari taqdim etildi.
Yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, yurtimiz tarixini yanada chuqurroq o‘rgatish maqsadida ma’naviy-ma’rifiy soatlar hamda tarixiy shaharlarga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida sayohatlar tashkil etildi.
Delegatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida jamoa shartnomasining bajarilishi qoniqarli deb topildi.
Yig‘ilish davomida korxonaning 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi loyihasi ham keng muhokama qilindi. Loyihani takomillashtirish jarayonida ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari inobatga olinib, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский