13.04.2026. Sherobodlik Feruza Normurodova ish beruvchining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashiga murojaat qildi. Arizasida o‘ziga nisbatan noqonuniy ravishda intizomiy jazo qo‘llanilganini bildirib, uni bekor qilishda yordam so‘radi.
O‘rganishlar mobaynida ma’lum bo‘lishicha, F. Normurodova 2013 yildan buyon Sherobod tumanidagi 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida ishlab kelmoqda. 2025 yil 18 dekabr’ kuni ishga sababsiz kelmagani vaji bilan unga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
Ish beruvchining tushuntirishicha, o‘sha kuni o‘qituvchi 2 soatga javob olgan bo‘lsa-da, qolgan darslarini o‘tmagani uchun dalolatnoma tuzilib, intizomiy jazo tayinlangan. F. Normurodovaning tushuntirishiga ko‘ra esa, u o‘sha kuni maktab direktoridan javob olgan va sog‘ligi yomonlashgani tufayli ishga kela olmagan.
Mehnat kodeksining 313-moddasiga binoan, jazo qo‘llashdan oldin xodimdan yozma tushuntirish xati olinishi kerak. Ish beruvchi shu talabni bajarmay, xatoga yo‘l qo‘ygan. Shu bois fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritdik. Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, buyruq bekor qilindi. Shuningdek, ish beruvchi zimmasiga F. Normurodovaga 6 million so‘m ma’naviy zarar to‘lash majburiyati yuklatildi.
Zarif Xolov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashi mehnat huquq inspektori
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский