08.05.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan Federatsiya qoshidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti tomonidan Amerikaning Camp Education International (CEI) global tashkiloti ishtirokida ikki kunlik xalqaro o‘quv seminari o‘tkazildi.
Xalqaro o‘quv seminarida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi 85 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari rahbarlari, Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti mutasaddilari, Kasaba uyushmalari mas’ul xodimlari va Camp Education International (CEI) global tashkiloti rahbarlari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshidagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti va Amerika bolalar oromgohlari Assosiasiyasi o‘rtasida imzolangan Memorandum ijrosi doirasida tashkil etilgan Xalqaro o‘quv-seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad – o‘zaro tajriba almashuv bo‘lib, O‘zbekiston va Amerika qo‘shma shtatlarida bolalarni sog‘lomlashtirish bo‘yicha to‘plangan tajribalar bilan o‘rtoqlashildi.
Camp Education International (CEI) global tashkiloti – bolalarni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlarini ilgari suruvchi xalqaro ijtimoiy tashkilot bo‘lib, “oromgoh ta’limi” tizimini rivojlantirishga ixtisoslashgan. Camp education, ya’ni oromgoh ta’limi – bu an’anaviy sinf muhitidan tashqarida amalga oshiriladigan, ilmiy asoslangan va bolani har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tizimli ta’lim modeli hisoblanadi. Camp Education International (CEI) davlat organlari, ta’lim muassasalari va yoshlar tashkilotlari bilan hamkorlikda bolalar oromgohlari tizimini rivojlantirishga, xodimlarni o‘qitishga, dasturlar ishlab chiqishga hamda xalqaro tajriba almashishga ko‘maklashadi.
Seminar treninglar davomidagi fikr almashuvlar jarayonida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakat o‘g‘il-qizlarini bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oldirish va sog‘lomlashtirish uchun yaratib berilayotgan qator imtiyoz va kaolatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi va yuksak baholandi.
– Mening fikrimcha, davlatning o‘z fuqarolariga sarmoya kiritishi juda kuchli va to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi, – dedi Amerikaning Camp Education International (CEI) global tashkiloti asoschisi va direktori Styuart Kolin Jones. – Buni amalga oshirishning turli shakllari muhim: bu 50 foizlik imtiyoz bo‘ladimi yoki to‘liq qoplab berish bo‘ladimi, ehtiyojga qarab tashkil etiladimi — har bir bola oromgoh tajribasini olishga haqli. Bu g‘oyani biz butun dunyo bo‘ylab targ‘ib qilib kelmoqdamiz. Dunyo amaliyotida ko‘p hollarda oromgohlar faqat moliyaviy imkoniyati yetarli bo‘lgan oilalar farzandlari uchun mo‘ljallangan bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning yondashuvi juda ilg‘or — bu milliy darajadagi sarmoya bo‘lib, har bir bolaga bunday dasturlarda ishtirok etish imkoniyatining yaratilgani tahsinga loyiq. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bolalarni sog‘lomlashtirish uchun ota-onalar harid qilayotgan oromgoh yo‘llanmalarining 50 foiz miqdori kompensasiya tarzida davlat tomonidan to‘lab berilishi yo‘lga qo‘yilgani, ijtimoiy reesrga kiritilgan oilalardagi a’lo baholarga o‘qiyotgan maktab o‘quvchilariga bepul yo‘llanmalar ajratilayotgani noyob tajriba sifatida tahsinga sazovordir. O‘zbekistonda oromgohlar tizimini rivojlantirish va yangi amaliyotlarni joriy etish masalasiga kelsak, biz shuni ko‘rmoqdamizki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi qoshidagi Departament va davlat organlari xalqaro hamkorlikka ochiq. Ular dunyo bo‘ylab oromgoh tashkilotlari bilan hamkorlik va tajriba almashishni faol yo‘lga qo‘ygan. Bu esa O‘zbekistondagi oromgoh sohasi xalqaro hamkorlikka keng sarmoya kiritayotganini ko‘rsatadi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida bolalarda chidamlilik, yetakchilik, o‘zaro muloqot, kreativlik va jamoada ishash kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston va Amerika qo‘shma shtatlari oromgohlari o‘rtasida tajribalar almashildi.
Seminarning birinchi kuni ishtirokchilar oromgoh pedagogik jamoasini samarali boshqarish, oromgoh direktorining dasturlarni amalga oshirishdagi roli, 12 kunlik oromgoh dasturi doirasida madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalar va bolalar uchun to‘garak hamda klublarni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, bolalar xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, sanitariya-gigiena talablariga rioya etish hamda oromgohlardagi yashash sharoitlarini tizimli monitoring qilish masalalarida ham fikr-mulohazalar almashildi.
— Biz O‘zbekistonlik mutaxassislardan juda katta taassurot oldik va ko‘p narsa o‘rgandik. Ularning yangiliklarni qabul qilishga bo‘lgan ochiqligi alohida e’tiborga loyiq, – dedi Amerikaning Camp Education International (CEI) global tashkiloti asoschisi va direktori Jeffriy Jemis Gembl. – Bizning asosiy maqsadimiz — ularni o‘z oromgohlariga qaytgach, dasturlarini yanada mustahkamlash, natijadorlikni oshirish hamda O‘zbekistondagi har bir oromgohga kelgan bola sifatli va yuqori darajadagi oromgoh ta’limini olishini ta’minlashdir. O‘zbekiston juda ilg‘or fikrlaydigan mamlakat hisoblanadi. Bu yerda bolalarni oromgohlarda dam oldirishga muhim masala sifatida katta e’tibor qaratilishi alohida tahsinga loyiq. Eng muhimi, bolalarni oromgohlarda sog‘lomlashtirish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining doimiy diqqat markazida bo‘lib, u O‘zbekiston 2030 strategik rejasida ham o‘z aksini topganligidir. Bu esa mamlakatning bolalarni har tomonlama rivojlantirishga bo‘lgan yuksak e’tibori va qat’iy intilishini namoyon etadi. Bolalarning kelajakda muvaffaqiyatli, barkamol shaxs bo‘lib yetishishi uchun zarur bo‘lgan barcha ta’lim imkoniyatlariga ega bo‘lishini ta’minlash — bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Shu ma’noda, O‘zbekistonning oromgoh ta’limi ahamiyatini tan olishi tahsinga loyiq. Bizning kuzatuvlarimizga ko‘ra, hozircha O‘zbekistondan boshqa hech bir mamlakatda eng yuqori darajada “har bir bola oromgoh ta’limini olishi kerak” degan yondashuv bunchalik yuksak darajada ilgari surilmagan.
Seminarning davomida ishtirokchilar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, yil davomida daromad manbalarini kengaytirish mexanizmlarini o‘rgandilar. Alohida sessiya Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti tizimidagi “Orogmgohlar.uz” raqamli platformasiga bag‘ishlanib, uning ahamiyati hamda oromgohlarni boshqarish samaradorligini oshirishdagi o‘rni xususida so‘z yuritildi.
Yakuniy mavzu sifatida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu esa ularning jozibadorligini oshirish va aholini xabardor qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur o‘quv seminari xalqaro tajriba almashish va O‘zbekistonda bolalarni dam oldirish hamda sog‘lomlashtirish tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish uchun muhim maydonga aylandi. Camp Education International (CEI) bilan hamkorlik bolalar oromgohlarini barkamol avlodni shakllantirish va ularni kelajak hayotga tayyorlashda samarali muhit sifatida rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Xalqaro o‘quv seminari doirasida Camp Education International global tashkiloti mutasaddilari Buxoro viloyatidagi bir qator stasionar bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur oromgohlarda bolalarni jismoniy chiniqtirish bilan birga ma’naviyatini yuksaltirish borasidagi hamda tarbiyaviy yo‘nalishlardagi ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Anjuman yakunida amerikalik mutaxassislar O‘zbekistonda ham Amerika qo‘shma shtatlarida ham bolalar oromgohlari bo‘yicha o‘ziga xos tajriba mavjudligi, xususan, O‘zbekistonda bolalarni oromgohlarda sog‘lomlashtirish borasida katta tajriba to‘plangani, ushbu tajribalar o‘rganishga va boshqa mamlakatlardagi oromgohlarda tatbiq etishga loyiq ekanligini alohida e’tirof etdilar.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский