[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

08.07.2026. Inson hayotining bahosi yo‘q. Ammo qonunga beparvolikning bahosi doimo yuqori bo‘ladi. Shuning uchun mehnatni muhofaza qilish – qonun talabi, ijtimoiy mas’uliyat va har bir ish beruvchining vijdoniy burchidir.

Mehnat huquqlari Konstitusiya va qonunlarimiz bilan kafolatlangan eng muhim huquqlardan biridir. Ishlab chiqarishda baxtsiz hodisa sodir bo‘lganida xodimning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini to‘liq to‘lash hamda qonunchilikda belgilangan kompensasiyalarni o‘z vaqtida berish ish beruvchining bevosita majburiyati hisoblanadi.

Afsuski, amaliyotda ayrim hollarda ushbu majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmaydi. Bunday vaziyatlarda kasaba uyushmalari xodimlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.

Shunday holatlardan biri “NAVBAHOR TEKSTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatida mehnat faoliyatini olib borgan Nematillo Allanov bilan bog‘liq ishda kuzatildi. U ishlab chiqarish jarayonida yuz bergan baxtsiz hodisa natijasida og‘ir tan jarohati oldi. Belgilangan tartibda hodisa tekshirilib, N-1 shaklidagi dalolatnoma rasmiylashtirildi hamda Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan xodimning 25 foiz kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi belgilandi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi mehnat texnik inspektori tomonidan ish beruvchiga qonunchilik talablarini bajarish bo‘yicha ko‘rsatma kiritilgan bo‘lsa-da, jamiyat zararlarni qoplash choralarini ko‘rmadi. Shundan so‘ng kasaba uyushmasi xodim manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga da’vo arizasi kiritdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudi ish materiallarini har tomonlama o‘rganib, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 321–324-moddalari hamda amaldagi qonunchilik talablariga asosan da’vo talablarini qanoatlantirdi.

Joriy yilning 2 iyulidagi 2-2103-2601/5094-sonli fuqarolik ishi bo‘yicha qabul qilingan sud qaroriga muvofiq:

• davlat boji sifatida 3 274 619,82 so‘m davlat daromadiga undirilishi;
• xodim foydasiga 40 665 495,6 so‘m miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan nafaqa ajratilishi;
• kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun oylik zarar to‘lovlari sifatida 5 083 187 so‘m to‘lanishi;
• vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik davri uchun to‘lanmay qolgan 3 353 267,55 so‘m nafaqa qoplanishi belgilandi.

Umumiy hisobda 52 376 569,98 so‘m miqdoridagi to‘lovlarni hamda kelgusida har oylik zarar to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirish majburiyati javobgar zimmasiga yuklatildi.

Ushbu sud qarori mehnatda jarohatlangan xodimlarning huquqlari qonun bilan ishonchli himoya qilinishi, ish beruvchilar esa mehnatni muhofaza qilish va zararlarni qoplash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini so‘zsiz bajarishi shartligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, mazkur ish kasaba uyushmalarining mehnat munosabatlaridagi amaliy o‘rnini ham yaqqol namoyon etdi. Kasaba uyushmalari nafaqat mehnat sharoitlarini yaxshilash va profilaktik choralarni tashkil etadi, balki zarur hollarda xodimlarning huquqlarini sudlarda ham qat’iyat bilan himoya qiladi.

Xulosa qilib aytganda, har bir ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa o‘z vaqtida va xolisona tekshirilishi, jabrlangan xodimga qonunchilikda nazarda tutilgan barcha to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi lozim. Bu nafaqat qonun talabi, balki inson qadri va mehnatga bo‘lgan hurmatning ham muhim ifodasidir.

Mahbuba Kambarova

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Navoiy viloyati Kengashining mehnat texnik inspektori