24.07.2026. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Agar biz bugun bolalarimizning qo‘liga yaxshi kitob bersak, ertaga ular, Yangi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga albatta qodir bo‘ladilar”.
Bu borada Prezidentimizning 2026 yil 15 yanvardagi “Aholi o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va kitob mutolaasiga bo‘lgan qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur qarorga muvofiq 2026-2030 yillarda aholining kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida bir kishining yil davomida kamida 10 ta kitob o‘qishiga erishish ko‘zda tutilgan. Har bir yurtdoshimizning mutolaaga intilishi uchun imkoniyat yaratish orqali uchinchi Renessans to‘lqiniga mutanosib ravishda kitobxonlik umummilliy harakatga aylanmoqda. Bu ezgu tashabbus mamlakat miqyosida keng quloch yozmoqda.
Jizzax viloyatining Zomin tumanida Shoxrux nomidagi yangi kutubxonaning ochilishi bunga yorqin misoldir. Ushbu ma’naviyat maskanining foydalanishga topshirilishi katta voqelik sifatida fayzli bayramga aylanib ketdi. Tadbirda senatorlar, O‘zbekiston Qahramonlari, Vazirlar Mahkamasi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona, «Nuroniy» jamg‘armasi vakillari, olimlar, adiblar, yoshlar va Jizzax viloyati keng jamoatchiligi ishtirok etdi. Bu voqelik aslida ramziy ma’noga ega. Kutubxonalar endilikda mazmunan va mohiyatan faqat kitoblar saqlanadigan joy bo‘lishdan to‘xtadi. Bugun ular ijtimoiy hayotning intellektual markaziga aylanib bormoqda. Prezidentimizning milliy kitobxonlik harakati g‘oyasi taniqli siyosatshunos, qator siyosiy publisistik nashrlar muallifi, senator, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovni ham ilhomlantirdi va u Zominda ana shunday ziyo maskaniga asos soldi. Siyosatshunos olim ta’kidlaganidek, mamlakatimiz rahbarining tinimsiz mehnati, dono va uzoqni ko‘zlagan siyosati bunyodkorlik, ilm-fan va ma’rifatning yuksak to‘lqinini vujudga keltirdi. Asosiy maqsad esa inson, uning sha’ni va qadr-qimmati, farovonligi va baxtidir.
Shohruh nomli kutubxonaning tantanali ochilish marosimidan so‘ng tadbir ishtirokchilari ushbu zamonaviy binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar, uning ikkinchi qavatida kutubxona joylashgan bo‘lib, u yerdagi alohida bo‘limda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev asarlari taqdim etilgan. Bu shunchaki nashrlar to‘plami emas, balki Yangi O‘zbekiston falsafasini, keng ko‘lamli islohotlar g‘oyalari va mamlakat kelajagiga dahldor strategik qarashlarni aks ettiruvchi o‘ziga xos intellektual majmuadir.
— Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va jamiyatning intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida Umummilliy kitobxonlik harakati yo‘lga qo‘yildi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Minhojiddin Hojimatov. – Bu esa mana shunday inshootlarda o‘z ifodasini topmoqda. Ushbu kutubxonaning tashkil etilishi va uning aholiga, ayniqsa, yoshlarga sovg‘a qilinishi mamlakatimiz rahbari tashabbuslarining ajoyib ifodasi bo‘ldi.
Kutubxona fondi o‘zbek mumtoz adiblari asarlaridan tortib zamonaviy adabiyot va jahon durdonalarigacha bo‘lgan 50 mingdan ortiq bosma manbalarni o‘z ichiga oladi.
Bu xali boshlanishi, xolos. Kutubxonaning elektron fondi doimiy ravishda kengayib, kitobxonlar uchun yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratmoqda.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga ulanish orqali kitobxonlar 10 milliondan ortiq elektron kitoblarning elektron versiyalaridan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, elektron portal orqali dunyoning deyarli istalgan nuqtasidan turib kutubxona fondiga kirish mumkin. Demak, masofalar endi ahamiyatga ega emas.
Kitob javonlaridagi javohirlar tom ma’noda intellektual oltin fondning hazinalari.
O‘zbek adabiyotining mumtoz hamda zamonaviy namunalari, jahon durdonalari, ilmiy-ommabop tarixiy asarlar, ensiklopediyalar – hammasi bir zalda
jamlangan. Istalganini tanlash va o‘qish uchun qulay shart-sharoit, chinakam kitobxonlik muhiti muhayyo etilgan. Biror bir manbani topib berishlarini kutish, navbatga yozilish shart emas, bu ijodiy kayfiyatni rag‘batlantirib, kitobga bo‘lgan qiziqishni oshiradi.
—— 2026 yilda “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida 15-19 yosh toifasida g‘olib chiqdim va Prezident sovg‘asi – BYD elektromobili bilan taqdirlandim, – dedi «Yosh kitobxon» tanlovi g‘olibi Jasurbek Abdug‘afforov. – Endi bizning Zominimizda ham mana shunday ajoyib kutubxona paydo bo‘ldi, bu yoshlarimizni kitobxonlikka yanada rag‘batlantirishga qaratilgan navbatdagi qadam bo‘ldi. Bu yerda barcha sharoitlar mavjud. Ulardan foydalangan holda yoshlar o‘z bilimlarini mustahkamlashga, o‘z Vataniga munosib bo‘lishga, uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishga intiladilar.
Ushbu ob’ektning qurilishida barchasi – shiftlarning balandligi, devorlarning rangi, javonlar, stol va stullarning joylashuvi inobatga olingan. Zomin tabiati aks etgan tasviriy san’at asarlari did bilan tanlangan, xullas, hamma narsa bu yerga kirgan kitobxonni faqat mutolaaga chorlaydi.
Bugun O‘zbekistonda kitob nafaqat bilim manbai, balki ma’rifatli, fikrlaydigan va raqobatbardosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan davlat strategiyasining muhim qismiga aylanmoqda.
– Men Tog‘ay Murod kitobini o‘qiyapman. Uning mazmuni haqida do‘stlarim aytib berishgan, lekin o‘zim o‘qib chiqishni xohladim, – dedi ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Shamshodbek Hamdamqulov. – Mazkur kutubxonada kitoblarning soni va ularning qanday joylashtirilgani hayratlanarli. Hammasi qulay, kerakli asarni osongina topish mumkin. O‘qish uchun joylar ham juda yaxshi. Bunday sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga rahmat, biz esa bilimga intilamiz va ma’rifatli, kuchli shaxslar bo‘lib o‘samiz.
Har bir eshikning o‘z vazifasi bor. Biri uyga, boshqasi ishga olib boradi. Mazkur kutubxona esa bilimlar dunyosiga yo‘l ochadi. Bu yerda Yangi O‘zbekiston bunyodkorlaridan tortib katta yoshdagi kitobsevarlar uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Majmua hududida 100 o‘rinli o‘quv zali betakror kitoblar dunyosi bo‘lsa, unga qo‘shimcha ravishda Book Cafe, kitob do‘koni, poligrafiya xizmati, intelektual bilimlarni rivojlantiruvchi texnologiyalar uyg‘unligi kitobga bo‘lgan muhabbatni shakllantiradigan va kuchaytiradigan mutlaqo boshqacha muhitni xis qilish imkonini beradi.
Kelajakka yo‘l birinchi qadamdan boshlanadi. Bilimga, nurli istiqbolga etguvchi maskan bu albatta maktabdir. Kutubxonaning ochilishida ishtirok etgan mehmonlar shuningdek, Zomindagi 60-o‘rta umumta’lim maktabida ham bo‘lib, bu go‘zal o‘lka tarixi, ta’lim muassasasi hayoti haqida hikoya qiluvchi muzey bilan tanishdilar. Bu maskanda siyosatshunos, Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla Rafiqovning “Millat Shavkati” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu yangi nashr mamlakatimizning buguni va kelajagi haqida mazmunli muloqotga chorlovchi publisistik maqolalar to‘plamidir.
Ushbu kitob – siyosiy yetakchilik fenomeni, davlat siyosiy irodasining kuchi va mamlakat taqdirida shaxsning tarixiy o‘rni haqidagi mulohazadir. Muallif chuqur tahlil va publisistik mushohada orqali Prezident Shavkat Mirziyoev siymosini uzoqni ko‘zlaydigan dono siyosatchi va keng ko‘lamli islohotlar tashabbuskori sifatida ochib berar ekan, millat yetakchisining Vatanga va o‘z xalqiga sadoqati Yangi O‘zbekistonni shakllantirishda asosiy mezon bo‘lganini tahliliy tarzda ifoda etgan. Ushbu nashr kitobxonga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mantig‘ini chuqurroq tushunishga, yetakchining strategik qarorlari va yuz berayotgan o‘zgarishlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni, shuningdek, har bir fuqaroning Vatan kelajagi uchun shaxsiy mas’uliyatini anglashga yordam beradi.
Taqdimot marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu nashr keng kitobxonlar ommasining qalbidan joy olishi, chuqur mulohazalarga ilhomlantirishi hamda mas’uliyat hissi, fuqarolik burchi va Vatanga bo‘lgan samimiy muhabbatni mustahkamlashi haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский