[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

30.07.2026. So‘nggi yillarda dunyo miqyosida kuzatilayotgan global iqlim o‘zgarishi natijasida havo haroratining keskin oshishi, uzoq davom etadigan jazirama issiq to‘lqinlarining ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu esa inson salomatligi, mehnat xavfsizligi va ishlab chiqarish jarayonlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, ayniqsa, ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlar uchun qo‘shimcha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni taqozo etmoqda. Shu bois mamlakatimizda ham xodimlarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish, ular uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

O‘zbekistonda havo haroratining keskin ko‘tarilishi hamda jazirama issiq to‘lqinlarining kuzatilishi munosabati bilan O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda tizimdagi korxonalarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislari va vakillari tomonidan xodimlarni issiqdan muhofaza qilish, issiqlik ta’siridan saqlanish hamda issiq urgan holatlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tartiblari yuzasidan keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, tizim tarkibidagi “Qizilqum fosforit kompleksi” MChJda ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning mehnat sharoitlari mutaxassislar tomonidan o‘rganildi. Korxonaning mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi bo‘limi, tibbiyot bo‘limi hamda matbuot xizmati hamkorligida Kar’er va Fosforit konsentrati ishlab chiqarish sexlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar ishtirokida profilaktik targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.

Tadbirlar davomida mutaxassislar tomonidan xodimlarga yuqori harorat sharoitida xavfsiz mehnat qilish qoidalari, yetarli miqdorda suv iste’mol qilish, belgilangan dam olish tartibiga qat’iy rioya etish, yengil va och rangli maxsus ish kiyimlaridan foydalanishning ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, quyosh urishi va issiqlik ta’sirining dastlabki belgilari, o‘z salomatligi hamda yon-atrofidagi hamkasblarining ahvolini muntazam nazorat qilib borish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, xodimlarga «Issiqlik urishida birinchi yordam va uning oldini olish choralari», «Issiq havoda xavfsiz ishlash bo‘yicha eslatma» kabi axborot materiallari va plakatlar tarqatildi. Jazirama kunlarda mehnat jarayonini xavfsiz tashkil etishga qaratilgan amaliy tavsiyalar ham yetkazildi.

Bugungi kunda tarmoq tizimidagi boshqa korxonalarda ham xodimlar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, xavfsiz mehnat sharoitlarini yanada mustahkamlash hamda issiq ob-havo sharoitida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining