[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

24.08.2026. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashiga murojaat qilgan bir qator xodimlarning mehnat huquqlari kasaba uyushmalari aralashuvi va sudlardagi huquqiy himoya natijasida tiklandi.

Viloyat kengashi mehnat huquq inspektorlari tomonidan murojaatlar o‘rganilib, qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Xodimlar manfaatini himoya qilish maqsadida sudlarga da’vo arizalari kiritilib, natijada ishga tiklash, ish haqlarini undirish hamda ma’naviy zararni qoplash bo‘yicha ijobiy qarorlarga erishildi.

Rahbar tazyiqi ostida yozilgan ariza xodimni ishdan bo‘shatish uchun asos bo‘la olmaydi

Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi Diloram Mengnarova 2018 yildan buyon 19950-sonli harbiy qismda turli lavozimlarda ishlab kelgan. U mehnat shartnomasi bekor qilinishidan oldin radiotelegrafchi QK xizmatchisi vazifasida faoliyat yuritgan.

2026 yil 26 yanvar’ kuni u rahbariyatning tazyiqi ostida ishdan bo‘shatish haqida ariza yozgan. Ish beruvchi esa belgilangan ikki haftalik muddatni kutmasdan, shu kunning o‘zida mehnat shartnomasini bekor qilgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida ish beruvchi mehnat qonunchiligi talablariga rioya qilmagani aniqlandi. Shu sababli Surxondaryo viloyati kengashi D.Mengnarovaning manfaatini ko‘zlab sudga murojaat qildi.

Qumqo‘rg‘on tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2026 yil 22 apreldagi qarori bilan da’vo qanoatlantirildi. Natijada D.Mengnarovaga:

4 996 276 so‘m — ish haqi;
2 000 000 so‘m — ma’naviy zarar

undirib berildi.

Noqonuniy intizomiy jazo bekor qilindi

Termiz uy-joydan foydalanish qismida hisobchi bo‘lib ishlovchi Iroda Azizova ham kasaba uyushmalariga yordam so‘rab murojaat qildi.

Unga ish beruvchi tomonidan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanilgan edi. Murojaatni o‘rganishda xodimga uning funksional vazifalariga kirmaydigan ish topshirilgani va mazkur vazifani bajarmagani uchun intizomiy jazo berilgani aniqlandi. Shuningdek, xodimdan intizomiy jazo qo‘llashdan oldin tushuntirish xati ham talab qilinmagan.

Surxondaryo viloyati kengashi I.Azizovaning huquqlarini himoya qilish maqsadida Termiz tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qildi.

Sudning 2026 yil 25 maydagi qarori bilan xodimga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazo bekor qilindi. Bundan tashqari, unga 2 million so‘m ma’naviy zarar undirib berildi.

Ishga tiklangan xodimga 53,2 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirildi

Sho‘rchi tumanida yashovchi Nurillo Mengliev Sho‘rchi tuman 1-son texnikumida kasbiy ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Ish beruvchi 2025 yil 4 avgustdan uning mehnat shartnomasini bekor qilgan. N.Mengliev ishga tiklash masalasida sudga murojaat qilgan bo‘lsa-da, birinchi instansiya sudi da’voni qanoatlantirishni rad etgan.

Xodimning apellyasiya shikoyati kasaba uyushmalari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Surxondaryo viloyati sudining 2026 yil 12 martdagi qarori bilan birinchi instansiya sudining qarori bekor qilinib, N.Mengliev ishga tiklandi.

Biroq sudda majburiy bekor yurgan davr uchun ish haqini undirish masalasi ko‘rilmagan edi. Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati kengashi xodim manfaatini ko‘zlab, mazkur mablag‘ni undirish uchun yana sudga murojaat qildi.

Natijada Denov tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2026 yil 3 iyundagi qarori bilan N.Mengliev foydasiga:

53 200 312 so‘m — majburiy bekor yurgan davr uchun ish haqi;
5 000 000 so‘m — ma’naviy zarar

undirilishi belgilandi.

Jami 58 200 312 so‘m mablag‘ xodim manfaatiga undirib berildi.

Suv ta’minoti korxonasida ikki xodimning huquqlari himoya qilindi

«Surxondaryo suv ta’minoti» aksiyadorlik jamiyati xodimlari Sattor Xudoyqulov va Erkin Pardaev ham ish beruvchining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, kasaba uyushmalariga murojaat qildi.

Murojaatlarni o‘rganish davomida har ikki xodimning ishdan bo‘shatilishida mehnat qonunchiligi talablari buzilgani aniqlandi. Xususan, ish beruvchi ulardan ishdan bo‘shatish haqidagi arizalarni majburan yozdirib olgan.

Surxondaryo viloyati kengashi har ikki xodimning manfaatini ko‘zlab, ularni ishga tiklash masalasida sudga da’vo arizalari kiritdi.

Termiz tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining 2026 yil 10 apreldagi qaroriga ko‘ra:

S.Xudoyqulov foydasiga 9 666 342 so‘m ish haqi va 5 000 000 so‘m ma’naviy zarar — jami 14 666 342 so‘m;
E.Pardaev foydasiga 6 373 068 so‘m ish haqi va 3 000 000 so‘m ma’naviy zarar — jami 9 373 068 so‘m

undirib berildi.

Inson manfaati — kasaba uyushmalarining asosiy vazifasi

Surxondaryo viloyatidagi ushbu holatlar kasaba uyushmalari xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishda amaliy natijaga erishayotganini ko‘rsatadi.

Ishdan noqonuniy bo‘shatish, asossiz intizomiy jazo yoki to‘lanmay qolgan ish haqi — xodimning o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyati cheklangan holat emas.

Kasaba uyushmalari xodimning murojaatini o‘rganib, qonunbuzilish holatlarini aniqlash, zarur hollarda sudga murojaat qilish va xodimning qonuniy manfaatlarini oxirigacha himoya qilishda ko‘maklashadi.

Surxondaryo viloyati kengashining ushbu ishlari natijasida bir qator xodimlarning huquqlari tiklanib, ular foydasiga katta miqdorda ish haqi va ma’naviy zararlar undirib berildi.

Kasaba uyushmasi — xodimning mehnat huquqlarini himoya qilishda uning ishonchli tayanchi.