16.09.2026. 2026 yil 15 sentyabr’ kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika majmuasi tarmoq kasaba uyushmalari vakillarining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonning elektr energetikasi, neft-gaz kompleksi, geologiya, atom sanoati hamda energetika sektorining boshqa turdosh yo‘nalishlarida mehnat qilayotgan xodimlar manfaatlarini ifoda etuvchi tarmoq kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvning asosiy mavzusi mintaqa mamlakatlari tarmoq kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikning yangi amaliy shakllarini izlashdan iborat bo‘ldi.
Ishtirokchilar tajriba va axborotni muntazam ravishda almashish, qo‘shma uchrashuvlar, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek, tarmoq kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishchi aloqalarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning kengayib borayotgani, mintaqaviy energetika va infratuzilma loyihalarining amalga oshirilayotgani, shuningdek, sohadagi texnologik o‘zgarishlar sharoitida kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi hamda Turkiy davlatlar kasaba uyushmalari tashkilotining faoliyatini ijobiy baholadilar. Ushbu tashkilotlar mintaqaviy va xalqaro kasaba uyushmalari hamkorligini rivojlantirish, ijtimoiy muloqotni mustahkamlash va tajriba almashishga muhim hissa qo‘shib kelmoqda.
Shu bilan birga, milliy kasaba uyushmalari markazlari o‘rtasidagi hamkorlik bilan bir qatorda, tarmoq darajasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni, jumladan, o‘xshash vazifa va manfaatlarga ega bo‘lgan energetika sektori kasaba uyushmalari o‘rtasidagi aloqalarni izchil rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Mazkur uchrashuv joriy yil iyul’ oyida Toshkent shahrida yangi bosqichga ko‘tarilgan mintaqaviy kasaba uyushmalari muloqotining davomi bo‘ldi. Ma’lumki, 2026 yil 8–9 iyul’ kunlari Toshkent shahrida IndustriALL Global Union doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari submintaqaviy konferensiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Unda kasaba uyushmalarini tashkil etish va vakillik qilishning global standartlarini joriy etish, mehnat huquqlarini himoya qilish hamda mintaqa kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingandi.
Ushbu muloqotni davom ettirgan holda, 15 sentyabr’ kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika sektori tarmoq kasaba uyushmalari o‘rtasida bevosita va barqaror ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladilar.
Tomonlar bunday hamkorlik shakliga ehtiyoj mavjudligi va u o‘zaro amaliy manfaatlarga xizmat qilishini qayd etdilar. Ishtirokchilar tajriba almashishni davom ettirish, sohani rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish hamda xodimlarning ijtimoiy-mehnat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish niyatida ekanliklarini bildirdilar.
Doimiy ishchi hamkorlikni ta’minlash maqsadida uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisining xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Sobirjon Egamberdievni tarmoqlararo hamkorlik koordinatori etib sayladilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muntazam ishchi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, takliflar almashish hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika sektori tarmoq kasaba uyushmalari o‘rtasidagi hamkorlikni izchil kengaytirishga kelishib oldilar.
![[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]](https://kasaba.uz/wp-content/uploads/2024/04/cropped-ohirgi-logo_kasaba_v13-removebg-preview.png)



O'zbekcha
Русский