[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

18.09.2026. Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, davlat boshqaruvida ayollarning rolini oshirish tizimli islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Ushbu ezgu maqsad yo‘lida joriy yilning uchinchi choragida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) tizimida muhim jarayon — genderga oid audit o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur auditdan ko‘zlangan asosiy maqsad — sohada mehnat qilayotgan erkak va ayol xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni milliy qonunchilik hamda xalqaro standartlar asosida baholashdan iborat. Bu jarayon “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash va tizimda kadrlar siyosatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Ishchi guruh tomonidan quyidagi yo‘nalishlar chuqur tahlil qilinmoqda:

Vazirlik va uning quyi tizimlarida xotin-qizlar va erkaklar nisbatining o‘zaro mutanosibligi;
Rahbarlik lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirishda tenglik tamoyillariga rioya etilishi;
Xodimlarning mehnat qilishi va malaka oshirishi uchun yaratilgan ijtimoiy-maishiy sharoitlar.

Audit jarayonlari doirasida vazirlik xodimlari uchun amaliy seminarlar ham tashkil etilib, unda sohadagi ilg‘or xalqaro tajribalar, genderga doir kompleks yondashuv mezonlari hamda xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalari muhokama etilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar tizimidek mas’uliyatli va sharafli sohada xotin-qizlarning salohiyatidan unumli foydalanish, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasini kuchaytirish nafaqat tizim samaradorligini, balki jamiyatimizdagi adolat va tenglik tamoyillarini yanada mustahkamlaydi.

O‘tkazilgan audit yakunlari bo‘yicha ishlab chiqiladigan tavsiyalar tizimda xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.