[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]
35 yil

01.10.2026. Bugun yoshlarga zamonaviy bilim berish va kasbga o‘rgatish, ularni mehnat bozorida munosib o‘rin egallay oladigan malakali mutaxassislar etib tarbiyalash tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Zero, kasb egallagan, amaliy ko‘nikmaga ega yosh — nafaqat o‘z kelajagini, balki jamiyat taraqqiyotini ham belgilaydi.

O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi ham tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan va sohaga oid o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Kuni kecha Angren shahridagi 4-sonli texnikumning yangi binosi zamonaviy ta’lim maskani sifatida foydalanishga topshirildi.

Yangi binoning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzaev, “O‘zkimyosanoat” AJ raisi Odil Temirov, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XK direktori G‘ulomjon Ibragimov, O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Nigora Alimdjanova, Angren shahri 4-sonli texnikum direktori Ulug‘bek To‘xtaev, xorijiy hamkorlar, soha mutaxassislari, o‘qituvchi-murabbiylar va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar zamonaviy texnikum bugun faqat dars o‘tiladigan bino emas, balki yoshlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqaradigan, uni haqiqiy ish muhitiga tayyorlaydigan muhim ta’lim maskani ekanini ta’kidladilar.

Texnikumning yangi binosi “TATNEFT” kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta ta’mirlangan bo‘lib, 855 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv ustaxonalari, faollar va sport zallari, 100 o‘rinli o‘quvchilar turar joyi hamda 150 o‘rinli oshxonadan iboratdir. Bu yerda ta’lim olish, kasb sirlarini o‘rganish va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Ayniqsa, texnikumda “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJ XK bilan hamkorlikda dual ta’lim tizimining yo‘lga qo‘yilgani yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Chunki bu tizimda o‘quvchi bilimni auditoriyada egallabgina qolmay, uni ishlab chiqarish jarayonida amaliyot bilan mustahkamlaydi. Bunday yondashuv yoshlarni kelgusida o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi.

Texnikumda tokarlik dastgohlari, elektr va gaz payvandlash, chilangarlik uskunalari, shuningdek, zamonaviy kimyo laboratoriyasi jihozlari o‘rnatilgan. Demak, bu yerda nazariya bilan amaliyot o‘rtasidagi masofa tobora qisqarib, ta’lim bevosita ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashmoqda.

Ushbu zamonaviy ko‘rinishda yoshlarga o‘z eshiklarini ochayotgan ta’lim muassasasi har bir yoshning kasb egallashi, mustaqil hayotga qadam qo‘yishi uchun yaratilgan yana bir katta imkoniyatdir.

Shavkat Toirov

O‘zbekiston Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi