31.05.2024. 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari hamda Federasiyaning hududiy kengashlari tomonidan Respublikamizning barcha hududlarida mehnatkashlar farzandlari uchun tantanali bayram tadbirlari oʻtkazilmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri kuni kecha Federasiyaning Buxoro viloyat kengashi tashabbusi bilan oʻtkazildi.
Mustaqillik yillarida xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok boʻlgan harbiylar va ichki ishlar idoralari xodimlari farzandlari hamda ehtiyojmand oilalar oʻgʻil-qizlari uchun Buxoro viloyat qoʻgʻirchoq teatrida tashkil etilgan “Moʻjizalar olami” nomli bayram tomoshasi bolajonlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Qiziqarli sarguzashtlarga boy tomoshadan soʻng bolajonlar ishtirokida “Muzqaymoq party” tadbiri oʻtkazildi.
Bundan tashqari Buxoro nogiron bolalar uchun muruvvat uyida Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasining Buxoro viloyat kengashi tomonidan tantanali bayram tadbiri ham tashkil etildi.
Tadbirda muassasadagi bolajonlarga bayram sovgʻalari va muzqaymoqlar ulashildi. Shuningdek, Oilaviy bolalar uyi farzandlari xolidan xabar olinib, ulardang 9 nafariga sport anjomlari, kiyim-kechaklar va badiiy kitoblar hadya etildi.
Ayni kunlarda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bagʻishlangan tadbirlar viloyat boʻylab davom etmoqda.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Matbuot xizmati