07.11.2024. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasining Navoiy viloyat Kengashi tomonidan Navoiy davlat universitetining Axborot- resurs markazida universitetining yosh xodimlari hamda talabalari ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Federasiyaning viloyat Kengashi raisi Nazira Togʻaeva bugungi kunda davlatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar, shuningdek, kasaba uyushmalari tizimida yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi. Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan yosh iste’dod egalarini ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻtkazilayotgan turli tanlov va tadbirlar ham bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Keyingi yillarda ish beruvchilar bilan tuziladigan jamoa shartnomalariga yoshlar masalasiga oid bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Kasaba uyushmalari faollarining
aralashuvi bilan minglab yosh oilalarga turli darajada moddiy yordam koʻrsatilmoqda. Kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun ish beruvchilar tomonidan darslik kitoblar hamda boshqa oʻquv jihozlari olib berilyapti. Toʻlov kontrakt mablagʻlari toʻlanmoqda. Uy-joy qurish yoki ta’mirlash, maishiy texnikalar sotib olish istagida boʻlgan yoshlarga ham amaliy yordam koʻrsatilmoqda.
– Soʻnggi yillarda, mamlakatimiz rahbari yoshlar uchun juda keng imkoniyatlar eshigini ochib berdilar,- deydi universitetining kasaba uyushma qoʻmitasi raisi N. Bekmurodov. – Aynan bu yilni “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb e’lon qilib, barcha soha va yoʻnalishdagi yoshlarimizga sharoit va qulayliklarni yaratib bermoqdalar. “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” orqali ham millonlab yoshlarimiz bandligi ta’minlandi,
tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi, hamda dehqonchilik qilish orqali daromadga ega boʻlishdi. Bugungi kunda yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, etuk insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovasion shart-sharoitlarni yaratib berish uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda. Chunki yosh avlodni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ma’naviy etuk, jismonan sogʻlom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga e’tibor qancha kuchaytirilsa, uning samarasi ham shuncha yuqori boʻladi. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozisiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boradi. Shuni katta ishonch bilan ayta olamizki, navoiylik yoshlarning barcha-barchasi bugungi hayotidan mamnun, ertangi kundan umidlari katta.
Qizgʻin bahs-munozaralarga boy tarzda oʻtgan tadbir yakunida institutning faol yoshlariga esdalik sovgʻalar topshirildi.
Dilafroʻz Oʻrazova
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Navoiy viloyat Kengashi raisining yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi