14.12.2024. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashida “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi apparati, Respublika kengashlarining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchilari, tarmoq kasaba uyushmalarining shahar va tuman kengash raislari, kasaba uyushma mehnat inspektorlar, shuningdek, viloyat hokimligi, Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi, Kambag‘allikni qisqartirish va Bandlik bosh boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan ijtimoiy-mehnat munosabatlarining muhim jihati bo‘lgan bandlik, ijtimoiy himoya, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, ishchi-xodimlar tomonidan ancha yillardan beri ko‘tarib kelinayotgan qator muammolarning oxirgi yillarda o‘z yechimini topgani davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlarning amaliy natijasidir. Masalan, ilgari ish haqini o‘z vaqtida to‘lash, banklardan ish haqi uchun naqd pul olish yoki bo‘lmasa tibbiyot va ta’lim muassasalarida mehnat qilib kelayotgan xodimlarning tibbiy ko‘rik jarayonida chiqimdor bo‘lib qolish kabi muammolar mavjud bo‘lib, hal qilinmay kelinar edi. Hozirda esa bu kabi muammolar to‘liq bartaraf etilishiga erishildi.
Tarmoq raislari, mehnat huquq inspektorlari, kasaba uyushma faollari tomonidan ish faoliyatlarida duch kelayotgan muammolar va mas’ul idoralar bilan birgalik hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham muhokama markazida bo‘ldi. Shuningdek, bandlik, ijtimoiy himoya, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, korxona, tashkilot va muassasalarda ijtimoiy himoya hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha qizg‘in fikr va mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida kasaba uyushmalari va ish beruvchilar ijtimoiy sherikligida amalga oshirilayotgan hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etilib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi.