15.01.2025. O‘zbekiston kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ korxonasi rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida 14 yanvar’ — Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tadbirlar, sport musobaqalari va turizm tashkil etildi.
Asosiy bayram tadbiri korxonaning faollar zalida “Qudrating yuksalsin, mening armiyam!” shiori ostida bo‘lib o‘tdi. Unda Qarshi san’at ixtisoslashtirilgangan maktabi yosh ijodkorlar orkestri ijrosida yangragan vatanparvarlik ruhidagi tantanali navolar kimyogarlarga bayram kayfiyatini ulashdi. Tadbir davomida sana munosabati bilan Qashqadaryo davlat universiteti katta o‘qituvchisi Rayxon Jumanazarova “Vatan – aziz, jasorat – mangu” mavzusida ma’ruza qildi. Shundan so‘ng bayram dasturi Dehqonobod tumani madaniyat xodimlari hamda San’at maktabi yosh ijodkorlar orkestri ijrosidagi jonli kuy-navolar bilan davom etdi.
14 yanvar’ – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan korxona xodimlari “Harbiy qismda bir kun” tadbirida faol ishtirok etdilar.
Xodimlar harbiylar uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishdilar hamda harbiy qurol-aslahalarni yaqindan ko‘rib, amaliy mashg‘ulotlar chog‘ida ulardan qanday foydalanilishi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Tadbirlar rejasiga ko‘ra “Mard o‘g‘lonlar” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Ko‘rik-tanlov Nizomga asosan jamiyatning 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlari o‘rtasida 5 ta shart asosida o‘tkazildi. Hay’at a’zolarining xulosasiga ko‘ra 1-o‘rinni Xolmurod Xushmamatov, 2-o‘rinni O‘tkir Begmatov va 3-o‘rinni Davlat Xayitov qo‘lga kiritdi.
Bayram munosabati bilan korxonaning bir guruh xodimlari uchun O‘zbekistonning qadim shaharlaridan Buxoro va Xiva viloyatlariga 3 kunlik sayohat tashkil etildi.
Shuni alohida aytish kerakki, Buxoro va Xiva shaharlari asrlar davomida o‘zining qadim va boy tarixi bilan dunyo davlatlari va xalqlarining xayrat va tahsiniga sazovar bo‘lib kelmoqda. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yurtimizda turizm sohasida ham tez suratlarda o‘sish kuzatilmoqda.
Buxoro va Xiva shaharlari tarixiy ahamiyati jihatidan nafaqat O‘zbekistonda balki dunyo tamaddunida muhim o‘rin tutishi bilan barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi.
Kimyogarlar Buxoro va Xiva shaharlari bo‘ylab 3 kunlik sayohat davomida ko‘hna Buxoro va Xiva shaharlarining diqqatga sazovor joylari, ko‘p yillik tarixni o‘zida aks ettiruvchi me’moriy obidalari va qadimiy yodgorliklarni yaqindan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bir so‘z bilan aytgan xodimlar sayohatdan bir olam taassurotlar bilan qaytdilar.
Shavkat Toirov
Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi