31.01.2025. Navoiy viloyatida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Navoiy viloyat kengashi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari uchun “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish” mavzuida amaliy seminar tashkil etildi.
Unda tarmoq tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari va sex kasaba uyushmasi tashkilotlari raislari hamda mutaxassislari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyat kengashi raisi Nazira Tog‘aeva, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashining tashkiliy ishlar bo‘yicha bosh mutaxassisi Dilorom Toshmatova va bir qator mutaxassislar “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida hisobot-saylov yig‘ilishlarini (konferensiyalari) o‘tkazish tartibi, qo‘mita a’zolarini saylash jarayoni, hujjatlarni rasmiylashtirish, qo‘mita a’zolarining vazifalari va dublyorlar haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Ma’lumki, 2025 yil kasaba uyushmalari tizimida muhim jarayonlar davri hisoblanadi. Ya’ni, o‘tgan 5 yillik faoliyat sarhisob qilinib, galdagi dolzarb vazifalar belgilab olinadi. Shu maqsadda barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushma tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlari (konferensiyalari) o‘tkazilib, ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlrini himoyalash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil etiladi. Shuningdek, faoliyatda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlarga urg‘u berilib, galdagi ustuvor vazifalar belgilab olinadi.
Shu bois o‘tkazilgan o‘quv-seminarda hisobot-saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish, hisobot-saylov konferensiya yoki yig‘ilishlarini olib borish tartibi, boshlang‘ich kasaba uyushmasining saylanma organlarini saylash, byulletenlarni to‘g‘ri to‘ldirish tartibi, shuningdek, sanoq komissiyasi faoliyati, konferensiyalarga delegatlar saylash tartiblari haqida tushuntirishlar berildi.
Seminar ishtirokchilari hisobot-saylovlar o‘tkazishning takomillashgan tizimi joriy etilayotgani kasaba uyushmalari faoliyatida yangi bosqichni boshlab berishini alohida qayd etdilar.
O‘quv-seminarlar doirasida joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligini munosib nishonlash borasida tarmoq kasaba uyushmasi oldida turgan vazifalar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan ham fikr va mulohazalar almashildi.
Qizg‘in munozara va muhokamalarga boy tarzda o‘tgan o‘quv-seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldilar.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari