06.02.2025. Ma’lumki, bu yil O‘zbekiston kasaba uyushmalari o‘zining 120 yilligini nishonlaydi. Shu bois mehnat jamoalarida kasaba uyushmalari tarixi, o‘tgan davrda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kasaba uyushmalarining bugungi kunda olib borayotgan ishlari keng jamoatchilikka yetkazilmoqda.
Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati birlashgan qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ham bu haqda yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, madaniy-ma’rifiy tadbir doirasida boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylov yig‘ilishlarini o‘tkazish yuzasidan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Unda tarmoq tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raislari ishtirok etdilar.
Darhaqiqat, hisobot-saylov yig‘ilishi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti faoliyatida muhim voqelik bo‘lib, har besh yilda o‘tkaziladi. Unda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kasaba uyushma ishiga baho beriladi. Shu bilan birga, mavjud muammolar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinib, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi.
Shu bois, tadbirda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raislariga hisobot-saylov yig‘ilishlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq kerakli ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi