[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

07.02.2025. Tarmoq kasaba uyushmalari ustavlarida barcha darajadagi kasaba uyushmalari organlarining vakolat muddatlari 5 yil etib belgilanganidan kelib chiqib, 2025 yilda navbatdagi hisobot-saylovlar o‘tkazilmoqda. 2020 yilda kasaba uyushmalari a’zolari 5 mln. nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil 1 yanvarga kelib 7 mln. nafarga yetdi.

Hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalari boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyatida muhim voqelik bo‘lib, ushbu jarayonda hisobot davrida kasaba uyushmasi tashkilotining erishgan natijalari, shu bilan bir qatorda, faoliyatni tashkil etishda mavjud muammolar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi.

Bu esa boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari rahbarlaridan hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalariga mas’uliyat bilan yondoshishni, umumiy yig‘ilish va konferensiyalarni O‘zbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi Qonuniga, Federatsiya va tarmoq kasaba uyushmalari ustavlariga, tizimda amalda bo‘lgan me’yoriy hujjatlarga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazilishini ta’minlashni, hisobot-saylov konferensiyasi hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirishni talab etadi.

Boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari rahbarlariga uslubiy yordam ko‘rsatish maqsadida, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan boshlang‘ich tashkilotlarda hisobot-saylov yig‘ilishlari (konferensiyalari)ni o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar to‘plami ishlab chiqildi va amaliyotda foydalanish uchun barcha darajadagi kasaba uyushmalariga yetkazildi.

Joriy yilning 27–31 yanvar’ kunlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Buxoro viloyat Kengashi va tarmoq kasaba uyushmalari tomonidan “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish” o‘quv-seminarlari tashkil etildi. O‘quv-seminarlarida 2100 nafardan ortiq boshlang‘ich tashkilot raislari ishtirok etdi.

2025 yil 5 fevral’ kuni G‘ijduvon tumanidagi “Parvoz Humo Ravnaq Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyatida boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov konferensiyasi hamda jamoa shartnomasi muhokamasi o‘tkazildi. Mazkur konferensiyada O‘zbekiston tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining bosh yuriskonsul’ti R. Xudoyberdiev, O‘zbekiston tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Buxoro viloyat kengashi raisi O‘. Tangriev va viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari Xamidjon Beshimov ishtirok etdilar.

Jamoada 1247 nafar kasaba uyushma a’zolari mavjud bo‘lib, hisobot-saylovlarning dastlabki yig‘ilishlari korxona sex jamoalarida o‘tkazilib, boshlang‘ich tashkilot konferensiyasiga delegatlar saylandi. Korxona jamoasi nomidan saylangan 50 nafar delegat ishtirokida o‘tkazilgan hisobot-saylov konferensiyasi juda qizg‘in va muzokaralarga boy bo‘ldi.

Konferensiyada dastlab jamoa shartnomasining 2024 yildagi ijrosi bo‘yicha korxona direktori Nurali Boqievning hisoboti tinglandi. Ish beruvchi yil davomida xodimlarga mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlar amalga oshirilganligi, barcha xodimlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi, xodimlarni ish stajiga qarab rag‘batlantirish, bosqichma-bosqich o‘qitish, korxonada bepul ovqatlanish tashkil etilganligi va maxsus kiyim-boshlar bilan ta’minlanganligini raqamlarda aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, kasaba uyushmasining jamoa shartnomasi bandlarining bajarilishida olib borgan ishlari, ekspertiza komissiyasining jamoa shartnomasi ijrosi bo‘yicha hisobotlari tinglandi. Konferensiya delegatlari tomonidan jamoa shartnomasiga kiritiladigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar yuzasidan takliflar bildirildi. Jumladan, ish beruvchilarga yigiruv-to‘quv sexlarida ishlayotgan xotin-qizlarga imtiyozlarni ko‘paytirish, kasaba uyushma qo‘mitasiga xotin-qizlar o‘rtasida sportning ommaviy turlari bo‘yicha musobaqalarni muntazam o‘tkazish, tarmoq kasaba uyushmalariga boshqa to‘quv korxonalari jamoalari bilan o‘zaro bellashuvlarni muntazam tashkil etish takliflari bildirildi.

Konferensiyada kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga nomzodlar muqobillik asosida ko‘rsatilib, korxona xodimasi Iroda To‘xtaeva kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga, korxona to‘quvchisi Zuxro Axmedova kasaba uyushma tashkiloti taftish komissiyasi raisligiga saylandi.