17.02.2025. Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2020-2025 yillarda amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari To‘xta Bozorov, Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining o‘rinbosari Nodir Dehqonov va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Akbar Abdusaidov ishtirok etdi.
Hisobot-saylov konferensiyasiga belgilangan me’yorga muvofiq fakul’tet kasaba uyushmalari tashkilotlaridan jami 51 nafar delegat ishtirok etdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom talablari asosida konferensiya o‘z ishini boshladi.
Dastlab, Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Axnazar Hasilbekov hisobot yillarida belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlar asosida universitet ma’muriyati kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar va talabalarning ijtimoiy-iqtisodiy, mehnat va huquqiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi. Shuningdek, taftish komissiyasi raisining batafsil hisoboti ham eshitildi.
Konferensiya delegatlari kasaba uyushmasi qo‘mitasining o‘tgan yillardagi faoliyatini “qoniqarli” deb topib, boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti taftish komissiyasining hisobotini tasdiqladi.
Shundan so‘ng, konferensiyada yashirin ovoz berish yo‘li bilan muqobillik asosida saylov o‘tkazildi. Delegatlar tomonidan Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisligiga yangi rahbar – Jahongir Alladustov saylandi.
Konferensiya fikr-mulohaza va takliflar asosida o‘tdi.