21.02.2025. Shu kunlarda mamlakatimizning barcha xududlarida boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalari o‘tkazilmoqda. Ta’kidlash zarurki, hisobot-saylov yig‘ilishlari va konferensiyalari boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatida muhim voqelik bo‘lib, ushbu jarayonda hisobot davrida kasaba uyushma tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar chuqur tahlil etiladi hamda mehnatkashlar ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish borasida oldinda turgan dolzarb vazifalar belgilab olinadi.
“KHOREZMTEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tgan hisobot-saylov konferensiyasida ham 750 dan ziyod mehnatkashlar orasidan saylangan 35 nafar delegatlar kun tartibidagi barcha masalalarni tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqdilar.
Dastlab, kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2020 yil fevraldan 2025 yil fevralgacha bo‘lgan davrdagi faoliyati yuzasidan qo‘mita raisi va taftish komissiyasining hisobotlari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, hisobot davrida butun sa’y-harakatlar insonlarga naf keltirish, xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy jihatdan himoya qilishga qaratildi. Natijada jamoa shartnomasi shartlarini bajarish uchun har bir xodimga sarflangan mablag‘ miqdori 2020 yilga nisbatan 50 foizga ortib, 2024 yilda 5,5 million so‘mni tashkil etdi. Xodimlar manfaatlarini himoyalashga yo‘naltirilgan bu kabi ishlar mehnatkashlarning Kasaba uyushmalariga bo‘lgan ishonchini oshirayotgani ortidan yildan yilga kasaba uyushma a’zolari soni ham ortib bormoqda. Xususan, korxonada kasaba uyushma a’zolari soni 2020 yilda 300 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda 750 nafarni tashkil etmoqda. Kasaba uyushma a’zolarining 553 nafari ayollar, 400 nafari yoshlardir.
Muhokamalar davomida boshlang‘ch kasaba uyushma qo‘mitasi faoliyati qoniqarli deb baholandi, shuningdek, taftish komissiyasining hisoboti tasdiqlandi.
Konferensiyada 35 nafar delegat tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisligiga ikki nafar nomzod ko‘rsatildi.
Yashirin ovoz berish asosida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi etib Zulfiya Piraddinova qayta saylandi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida kasaba uyushmasi qo‘mitasi tarkibi va taftish komissiyasi a’zolari, yuqori kasaba uyushmasi tashkiloti konferensiyasiga delegatlar va vakil saylandi.
Konferensiya yakunida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyat Kengashi mutasaddilari mehnatkashlarga bugungi kunda kasaba uyushmalari tizimida faoliyatni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, joriy yilda mamlakat kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligini keng nishonlash borasidagi sa’y-harakatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Muhabbat O‘rmonbekova
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Matbuot xizmati rahbari