05.03.2025. O‘tgan yilning yozida Guliston shahridagi yirik tashkilotlardan birida mehnat qiluvchi xodimlar ish vaqtida guruhiy baxtsiz hodisaga uchradilar. Natijada bir kishi og‘ir jarohatlanib, ikki kishi vafot etdi. Hodisa yuzasidan tekshirishlar o‘tkazilgan, aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Komissiya xulosasiga ko‘ra holat ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lib, jabrlanuvchilarning qaramog‘idagilarga qonunlarda belgilangan tartibda to‘lovlar to‘lab berish tashkilot zimmasiga yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 321-moddasiga ko‘ra ish vaqtida xodimning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetsa, ish beruvchi ziyonning o‘rnini qoplashi zarur. Biroq, oradan besh oy o‘tsa-da, tashkilot rahbariyati vafot etgan va jabrlanganlarning qaramog‘idagilarga bir yo‘la nafaqa hamda zarar pullarini to‘lab bermagan.
Jabrlanuvchilarning oila a’zolari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sirdaryo viloyat Kengashiga murojaat qildilar. Ularning manfaati yo‘lida Kengash tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritildi.
Dastlab birinchi jabrlanuvchining qaramog‘ida bo‘lgan besh nafar voyaga yetmagan farzandlari manfaatida kasaba uyushmasi tomonidan kiritilgan arizalar ko‘rib chiqildi.
Sud majlisida da’vogar, kasaba uyushmasi viloyat Kengashi vakili baxtsiz hodisa yuzasidan har jihatdan tekshirish o‘tkazilganligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zarar va nafaqa pullari ish beruvchi tomonidan to‘lanmay, mehnat qonunchiligi buzilganligini ma’lum qilib, da’vo qanoatlantirilishini so‘radi.
Sud da’vo arizasini qanoatlantirdi. Jabrlanuvchining oilasiga bir yo‘la beriladigan nafaqa puli va oylik to‘lovdan qarzdorlik, jami 197 million 733 ming 957 so‘m undirish da’vosi sud tomonidan to‘liq qanoatlantirildi.
2025 yilning yanvar’ oyida bo‘lib o‘tgan sudda esa ikkinchi jabrlanuvchining oila a’zolari manfaatlari yo‘lida kasaba uyushmasi tomonidan kiritilgan da’vo arizalari ko‘rib chiqildi.
Ikkinchi jabrlanuvchining oila a’zolari tomonidan kasaba uyushmalari viloyat Kengashiga kelgan murojaatda ma’lum qilinishicha, marhumning olti yillik o‘rtacha oyligidan kam bo‘lmagan miqdorda bir marta beriladigan nafaqa hamda oyma-oy zarar pullarini belgilangan tartibda rasmiylashtirish ish beruvchi zimmasiga yuklatilgan. Shunga qaramay tashkilot bu masalaga befarq qarab kelgan.
Sud ish materiallari bilan tanishib chiqib, hujjatlarda to‘plangan dalillarga huquqiy baho berdi va da’vo arizasini qanoatlantirdi. Javobgardan marhumning oila a’zolari foydasiga jami 386 million 299 ming 204 so‘m undirib berildi.
“Qonunni bilgan qoqilmas” deydilar. Agar ish beruvchi qonunni yaxshi bilganida edi, ancha-muncha ovoragarchiliklarning oldi olingan, qancha odamlarning vaqti tejalgan bo‘lardi.
A. Hakimov
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat Kengashi mehnat texnik inspektori