05.03.2025. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Samarqand viloyati kengashi va Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamkorligida shifokorlar o‘rtasida futzal bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va MDH mamlakatlari tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari, ilmiy-amaliy markazlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati muassasalari, xususiy klinikalar, farmasevtik kompaniyalarda faoliyat olib borayotgan, 25-60 yoshgacha bo‘lgan oliy toifa soha xodimlaridan iborat 23 ta jamoa ishtirok etdi.
Turnir doirasidagi sport musobaqalari ikki yosh toifasida, ya’ni 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan hamda 40 yoshdan katta bo‘lgan faxriy xodimlar o‘rtasida o‘tkazildi.
Turnirda jamoalarning o‘yinlari qur’a tashlash yo‘li orqali aniqlanib, o‘yinlar viloyatimizning malakali hakamlari tomonidan baholab borildi.
Natijalarga ko‘ra, 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan jamoalar o‘rtasida 3-o‘rinni Farg‘ona viloyatining “ALFA” jamoasi egalladi. 2-o‘rin Farg‘ona viloyatining “MEDIKAL” jamoasiga, 1-o‘rin esa Samarqand viloyati jamoasiga nasib etdi.
40 yoshdan katta faxriy xodimlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda esa 3-o‘rinni Qashqadaryo viloyatining “NASAF MED” jamoasi qo‘lga kiritdi. Sirdaryo viloyati jamoasi 2-o‘rinni, Samarqand viloyatining faxriy shifokorlari esa 1-o‘rinni egalladilar.
Turnir g‘oliblari va nominasiyalarda e’tirof etilgan ishtirokchilarga O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasining Samarqand viloyati kengashi tomonidan medallar, maxsus kubok va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Turnirga tashrif buyurgan mehmonlar uchun Samarqand shahrining tarixiy obidalari hamda mustaqillik yillarida barpo etilgan inshootlariga sayohatlar tashkil etildi.