06.03.2025. 3 mart kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashida Toshkent viloyati Kengashi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotining 2021-yil fevralidan 2025-yil fevraligacha bo‘lgan davrdagi faoliyati yakunlari yuzasidan hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari A.Yuldashev hamda O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent viloyati Kengashi raisi N.Komilova ishtirok etdi.
Yig‘ilishda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi M.Salixova tomonidan o‘tgan 5 yil davomida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar, jamoa shartnomasidagi bandlarning bajarilishi, xodimlarga yaratilgan imtiyoz va shart-sharoitlar, shuningdek, moliyaviy hisobotlar o‘qib eshittirildi.
Shundan so‘ng mehnat jamoasi tomonidan boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti raisi, ijroiya qo‘mita a’zolari va nazorat-taftish komissiyasi tarkibi saylandi. “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom”ga asosan ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazilgan hisobot-saylov yig‘ilishida amaldagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi M.Salixova mehnat jamoasi tomonidan qayta saylandi.
Boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti a’zolari tomonidan o‘tgan davr mobaynidagi faoliyat yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi hamda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yanada yaxshilashga qaratilgan takliflar ilgari surildi.