[:uz]Ўзбекистон касаба уюшмалари Федерациясининг Портали[:ru]Портал Федерации Профсоюзов Узбекистана[:oz]Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Portali[:uzl]Oʼzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Portali[:]

Sayt sinov tariqasida ishga tushirilgan

09.03.2025. Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan “Ayolga ehtirom” haftaligi doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari va “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida sayohatlar tashkil etilmoqda.

Tarmoq tizimidagi “Navoiyazot” AJ korxonasida ham ushbu bayram o‘zgacha ruhda tantana qilindi. Xotin-qizlar o‘rtasida “Talant shou”, “Nafosat sayli” va “Sadoqat va vafo timsoli ayol” kabi tanlovlar iste’dodli mutaxassislarning yangi qirralarini namoyon etish imkonini berdi. Jumladan, sex mutaxassislari bellashuvlarda g‘olib bo‘lish maqsadida qizg‘in bahslarga kirishdilar. Ishtirokchilar orasida nafaqat mohir pazandalar va qobiliyatli san’at ixlosmandlari, balki sportchilarning ham borligi tanlovlarning esda qolarli o‘tishini ta’minladi. Bayram tadbirlarining asosiy qismi korxonaning faollar zalida bo‘lib o‘tdi. Konsert dasturi Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyi yakkaxon xonandalari va xoreografik jamoalarining musiqiy chiqishlari va raqslari bilan yuqori darajada o‘tkazildi.

“Dehqonobod kaliy zavodi” AJ korxonasi kasaba uyushmasi tomonidan korxonaning 50 nafar xotin-qizlari uchun Toshkent shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat dasturiga ko‘ra, ayollar Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylari hamda ziyoratgohlariga bordilar. Shundan so‘ng, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Sog‘indim” nomli konsertini tomosha qilib, bir olam taassurotlar bilan qaytishdi. Shuningdek, “Milliy qadriyatlarimiz – millat faxri” shiori ostida “Saranjom oilaning sarishta bekasi” ko‘rik-tanlovi, xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida sportning “Qo‘l to‘pi”, shashka-shaxmat turlari bo‘yicha musobaqalar va “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.

“Maxam-Chirchiq” AJ korxonasi kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan reja asosida korxonada faoliyat yuritayotgan 50 nafar xotin-qizlar ishtirokida Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi. Sayohat davomida xodimlar shaharning diqqatga sazovor joylari, ko‘p yillik tarixni o‘zida aks ettiruvchi obidalar va qadimiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tarmoq tizimidagi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” AJ korxonasida sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Bayram munosabati bilan bayram dasturxoni tuzalib, korxona ayollari bayram bilan tabriklandi.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tarmoq tizimidagi boshqa korxonalarda ham bayram tadbirlari yuqori kayfiyatda tashkil etilmoqda.

Shavkat Toirov

Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi