12.03.2025. Ma’lumki, mamlakat ravnaqi yuksak malakali kadrlarga bog‘liq. Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti Yangier filiali talab yuqori bo‘lgan kasblar, yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlashga munosib hissasini qo‘shayotir.
Bu o‘quv dargohida bugungi kunda mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, kasaba uyushma a’zolarining mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik qilish masalalari 160 nafar a’zo birlashgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi zimmasida.
Institut filialida bo‘lib o‘tgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov yig‘ilishida dastlab kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Shahnoza Nazarovaning 2020 yil fevralidan 2025 yil fevraligacha bo‘lgan davr mobaynidagi faoliyati yakunlari va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq hamda manfaatlarini himoya qilish borasidagi kelgusi vazifalar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi. Shuningdek, ish faoliyati batafsil tasvirga olingan videorolik namoyish qilindi.
Ish beruvchi tomonidan jamoa shartnomasi asosida qilingan ishlar bo‘yicha Ma’mura Abduolimova hisobot berdi.
Kun tartibidagi keyingi masala qizg‘in bahs va munozaralarga boy bo‘ldi. Kasaba uyushmasi qo‘mita raisligiga ikki kishining nomzodi ko‘rsatilib, saylov ochiq ovoz berish yo‘li bilan o‘tkazildi. Juda ko‘pchilik ovoz bilan Shahnoza Nazarova qayta saylandi.
Konferensiyada O‘zbekiston transport, yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashining hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar saylandi.
Yig‘ilishda ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.