13.03.2025. 2025 yil 12 mart kuni Metallurgiya va mashinasozlik sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand va Jizzax viloyat bo‘linmalari kengashi tizimidagi, Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “SAMPLASTSERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati mehnat jamoasining 2023–2025 yillar uchun imzolangan jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish hamda korxona boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotining 2023 yil iyulidan 2025 yilning mart oyiga qadar davrdagi faoliyati yuzasidan hisobot-saylov yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastlab, jamoa shartnomasining 2024 yilda bajarilishi bo‘yicha ish beruvchi va kasaba uyushma qo‘mitasining ma’ruzalari hamda tekshiruv komissiyasining dalolatnomalari eshitilib, jamoa shartnomasining o‘tgan davrda bajarilishi “qoniqarli” deb baholandi.
Shundan so‘ng, jamiyat kasaba uyushma qo‘mitasining 2023 yil iyulidan 2025 yilning mart oyiga qadar davrdagi faoliyati yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, qo‘mita raisining hisobot ma’ruzasi tinglandi va qo‘mita ishi “qoniqarli” deb topildi. Muqobillik asosida kasaba uyushma qo‘mitasi raisi etib M. Narziqulova qayta saylandi, shuningdek, qo‘mita a’zolari, viloyat kengashi konferensiyasiga delegatlar va viloyat kengashi a’zoligiga vakillar saylandi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari N. Sh. Dehqonov, viloyat kengashi raisi O. A. Mirzaev va ish beruvchi vakillari yig‘ilish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, o‘tgan davrda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusidagi rejalar to‘g‘risida so‘z yuritdilar.
Shuningdek, N. Sh. Dehqonov 2025 yil O‘zbekiston kasaba uyushmalariga 120 yil to‘lishi munosabati bilan barchani tabriklab, kasaba uyushmalari tarixi to‘g‘risida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berdi hamda shu munosabat bilan tadbirlarni munosib ravishda o‘tkazish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.