17.03.2025. Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma tashkilotining 2024 yilda jamoa shartnomasining bajarilishi hamda 2020 yil martidan 2025 yil martigacha tibbiyot xodimlariga ko‘rsatilgan ko‘mak va ularning ijtimoiy himoyasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda qo‘mita raisi Bahodirjon Abdurahmonov o‘tgan 5 yilda olib borilgan faoliyati to‘g‘risida hisobot berdi. Ma’ro‘zani tinglab, kasaba qo‘mitasi bir safda birlashgan a’zolarning haqiqiy himoyachisiga aylanganini bilib oldik.
2024 yil avgust oyida muassasaning tug‘ruqxona majmuasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi natijasida bo‘lim faoliyati to‘xtatildi. Natijada, tug‘ruqxonada mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar vaqtincha ishsiz qoldi. Bu davrda ularga ish haqi to‘lanmadi. Ammo jonkuyar yetakchi bunday holatga befarq qolmadi. Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Farg‘ona viloyati kengashiga murojaat qilindi.
Murojaat asosida mehnat inspektorlari tomonidan tibbiyot muassasasida o‘rganishlar olib borildi. Uzoq muzokaralardan keyin ish sudda ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, ish beruvchi vaqtincha ishsiz qolgan xodimlarga o‘rtacha ish haqi miqdorida to‘lov qilish majburiyatini oldi. Natijada, 71 nafar xodimning huquqi tiklanib, ularning foydasiga jami 261 mln so‘m ish haqi undirib berildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, haqiqiy kasaba uyushma raisi har qanday holatda ham ishchi-xodimlarning huquqlarini mana shunday himoya qila olishi kerak.
Darhaqiqat, o‘tgan 5 yilda salomatlik posbonlarining dam olishi va sog‘lig‘ini mustahkamlash ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Har bir kasaba uyushma a’zosini qo‘llab-quvvatlash, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va ijtimoiy himoyalash kabi masalalar kasaba uyushma qo‘mitasining doimiy diqqat markazida bo‘ldi.
Qolaversa, ishchi-xodimlarni tarixiy shaharlarga sayohatga olib borish an’anaga aylandi. O‘tgan davr mobaynida xodimlar yurtimiz bo‘ylab turli sayohatlarga jalb qilindi.
Bundan tashqari, targ‘ibot ishlari natijasida 40 ta nodavlat tashkilotda ishlovchi 750 nafar xodim kasaba uyushmasi a’zoligiga jalb qilindi. Ayni paytda ular kasaba uyushmasining imtiyozlaridan foydalangan holda, sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun sihatgohlarga hamda tarixiy shaharlarga sayohatlarga borib kelmoqdalar.
Hisobotni tinglagan delegatlar Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi va taftish komissiyasi raisi faoliyatini yuqori baholadilar.
Delegatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan nomzodlar orasidan Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo‘mitasi raisligiga Bahodirjon Abdurahmonovni saylashdi.
Konferensiyada Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi mutaxassisi Dilorom Toshmatova, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Shohidaxon Karimova, Bag‘dod tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi o‘rinbosari Xolmuhammad Abduvohidov va delegatlar ishtirok etdilar.
Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatiga 120 yil to‘lishi, uning tarixi va bugungi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.