20.03.2025. Yurtimiz rivoji, xalqimizning osoyishtaligi, ta’lim va tarbiyaga bo‘lgan e’tibor borki, yurtimiz rivojlanmoqda. O‘zbekistonda yoshlar masalasi eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda yoshlar davlat siyosatining eng ustuvor bo‘g‘ini hisoblanadi. Yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning yetuk kadr bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yetarli. Yoshlar uchun yaratilgan tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashib bormoqda.
Yurtimizda boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz onalar va ularning talaba farzandlarini, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini, ayniqsa yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Uni amalga oshirishda kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Xususan, men ham kasaba uyushmalari stipendianti bo‘ldim. Navoiy davlat universitetida san’atshunoslik fakul’teti “Professional ta’lim: dastgohli rangtasvir” ta’lim yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. Universitetni tugatgach, san’at maktabida yoshlarga rassomchilik sir-sinoatlarini o‘rgataman. San’atga qiziqqan har bir yoshga bu sohada beminnat bilim bermoqchiman. Oilamizda, boquvchimizning yo‘qligi uchun shartnoma puli va o‘qish xarajatlarida qiynalayotgan edik. Endi bu masalaning yechimi bor, sababi men kasaba uyushmalari stipendianti bo‘ldim. Bundan nafaqat men, balki onam ham juda xursand bo‘ldi.
Shuning uchun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Men kabi yoshlarga yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, shijoat bilan va salohiyatimni ishga solib, mamlakatimiz rivoji yo‘lida qo‘limdan kelganicha mehnat qilishga harakat qilaman.
Sunnatova Nozima
Navoiy davlat universiteti 3-bosqich talabasi